Qozog‘iston shimolidagi Petropavlovsk shahrida politsiya xodimlari «boltali manak» nomi bilan tanilgan 62 yoshli Valeriy Krichinevskiyni qo‘lga oldi, deb xabar beradi KTK telekanali.
Tergov versiyasiga ko‘ra, u dala hovlisidan qaytayotgan 54 yoshli ayolga hujum qilgan. Jabrlanuvchini tasodifiy yo‘lovchi qutqarib qolgan. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, hujum kunduz kuni odam kam yuradigan joyda sodir bo‘lgan. Ayol yordam so‘rab baqira boshlaganidan so‘ng hujumchi uni qo‘yib yuborgan va ayol qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan. Gumonlanuvchi voqea joyidan ko‘p o‘tmay ushlangan.
Shimoliy Qozog‘iston viloyati Politsiya departamenti tergov boshqarmasi rahbari Azat Qusayinov ma’lum qilishicha, tergov sudi uni qamoqda saqlashga sanksiya bergan. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov jarayonida voqeaning barcha tafsilotlari aniqlanmoqda.
Qozog‘iston OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Krichinevskiy 1998 yil iyul oyidan 1999 yil yanvar oyiga qadar Petropavlovsk shahrida hujumlar sodir etgan. Uning qurbonlari asosan shahar chekkalarida, dala hovlilari massivlari yaqinida va odam kam yuradigan joylarda bo‘lgan ayollar edi. Tergov aniqlashicha, u jabrlanuvchilarga orqadan hujum qilib, bosh qismiga bolta bilan zarba bergan, shundan so‘ng ularni talon-toroj qilgan va zo‘rlagan.
Krichinevskiyning hisobida 11 nafar jabrlanuvchi bor — 20 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan o‘n nafar ayol va yetti yoshli qizaloq. Barcha ayollar og‘ir jarohatlarga qaramay tirik qolgan. Yagona halok bo‘lgan shaxs maktab o‘quvchisi bo‘lgan.
Mahkumning uyini tintuv qilish vaqtida politsiya xodimlari jabrlanuvchilardan o‘g‘irlangan oltin taqinchoqlar va boshqa buyumlarni topgan. Krichinevskiy 1999 yil yanvar oyida Zarechniy qishlog‘idagi dala hovlilari yaqinida qo‘lga olingan. Bir qator qotilliklar, zo‘rlashlar va bosqinchilik hujumlari uchun u 25 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
«Boltali manak» jazoni Aqmola viloyatidagi koloniyalardan birida o‘tagan va 2024 yili jazo muddati tugagach, ozodlikka chiqqan. Shundan so‘ng u ijtimoiy moslashuv markazida yashagan hamda elektron braslet orqali huquqni muhofaza qiluvchi organlar nazoratida bo‘lgan.



