Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketiga Qirg‘iziston va Qozog‘iston kompaniyalari ham kiritildi

vesti.ru sayti fotosurati

Yevropa Ittifoqi Kengashi Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketini qabul qildi. Unga muvofiq harbiy-sanoat majmuasidan tortib bank tizimigacha bo‘lgan turli sohalarda faoliyat yurituvchi korxonalarga cheklovlar joriy etildi. Yevropa Ittifoqi saytida e’lon qilingan hujjatga ko‘ra, ro‘yxatga Rossiya hukumati bilan hamkorlik qilayotgan Markaziy Osiyo, jumladan Qirg‘iziston va Qozog‘iston kompaniyalari ham kiritilgan.

Ro‘yxatdan Qirg‘izistonning «EkoIslamikBank» ham o‘rin olgan. Yevropa rasmiylari fikricha, mazkur bank Rossiyaning allaqachon cheklovlar joriy etilgan Moliyaviy xabarlar almashish tizimi (SPFS)dan foydalangan. Shu munosabat bilan Yevropa Ittifoqi yurisdiksiyasidagi kompaniyalarga ushbu bank bilan har qanday operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlanadi. Sanksiyalar joriy yilning 13 avgustidan kuchga kiradi.

Rossiya harbiy-sanoat majmuasini qo‘llab-quvvatlashda gumon qilinayotgan kompaniyalar ro‘yxatiga Markaziy Osiyoning beshta korxonasi kiritilgan. Sanksiyalar Qirg‘izistonda ro‘yxatdan o‘tgan uchta yuridik shaxs — «Nova Proyekt», «Rama grupp» va «Shisan»ga nisbatan joriy etilgan. Shuningdek, Qozog‘istonning ikki kompaniyasi — Ostona shahridagi «TauKZ» va Pavlodardagi «KBR Texnolodjis» ham ushbu ro‘yxatdan joy olgan. 24 iyuldan boshlab mazkur tashkilotlarga nisbatan kuchaytirilgan eksport nazorati joriy qilinadi.

Umuman olganda, ushbu ro‘yxatdan 51 ta kompaniya o‘rin olgan. Ular qatorida Hindiston, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Gonkong va Turkiyada ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar ham bor.

Alohida bandda chegaralararo moliyaviy tarmoq A7 hamkorlariga nisbatan cheklovlar nazarda tutilgan. G‘arb tahlilchilari fikricha, mazkur tarmoq uzoq vaqtdan buyon Rossiya bank tizimini qo‘llab-quvvatlash va yashirin to‘lovlarni, jumladan kriptovalyuta orqali hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun qo‘llanib kelinmoqda.

Bu safar sanksiyalar tarmoqning Afrikadagi bo‘linmalariga, shuningdek Qirg‘iziston, Gruziya, Panama, Birlashgan Arab Amirliklari, Belarus va Marshall orollarida ro‘yxatdan o‘tgan yana 14 ta platformaga ham tatbiq etilgan.

Yevropa Ittifoqida yangi cheklovlar ro‘yxati so‘nggi to‘rt yil ichidagi Rossiyaga qarshi eng yirik sanksiyalar paketi deb baholandi. Unda 170 ta tashkilot va 48 nafar jismoniy shaxs kiritilgan. Bundan tashqari, 94 ta bank va moliyaviy institutning aktivlari muzlatilgan, 33 ta kredit tashkiloti hamda qator kriptovalyuta platformalari bilan operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlangan. Sanksiyalar harbiy-sanoat majmuasi, energetika, tog‘-kon va metallurgiya tarmoqlari korxonalariga, «soya floti» kemalariga hamda bir nechta aeroportga ham nisbatan joriy etilgan.

  • Markaziy Osiyo mamlakatlariga MHO xavfi bormi?

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Rossiya matbuoti «nato» snaryadlari tufayli Qozog‘istonga hujum qila boshladi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor