«Qayrat» UYEFA Chempionlar ligasining uchinchi saralash bosqichiga yo‘l oldi

«Qayrat» futbolchilari. «Qayrat» FK fotosurati

Olmaota shahrining «Qayrat» jamoasi UYEFA Chempionlar ligasining uchinchi saralash bosqichiga yo‘l oldi. Qozog‘iston chempioni Kiprning «Omoniya» klubiga qarshi javob uchrashuvida 1:0 hisobida g‘alaba qozondi, so‘ng penaltilar seriyasida ham ustun kelib, 6:5 hisobida g‘alaba qildi.

Uchrashuv 29 iyul kuni Olmaotada bo‘lib o‘tdi. Kiprda o‘tgan birinchi o‘yinda «Omoniya» 1:0 hisobida g‘alaba qozongan edi. Shu sababli «Qayrat»ning javob bahsidagi g‘alabasidan keyin umumiy hisob 1:1 bo‘ldi.

26-daqiqada mehmonlar kamchilikda qoldi: hujumchi Andronikos Kakullis to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka oldi. «Qayrat» bosh murabbiyi Rafael Urazbaxtin ko‘p o‘tmay maydonga Edmilsonni tushirdi va braziliyalik futbolchi zaxiradan chiqqanidan bir daqiqa o‘tib bosh bilan zarba berib, hisobni ochdi.

Ikkinchi bo‘limda Yaakko Oksanen Kipr klubi darvozasiga ikkinchi golni urdi, ammo gol ofsayd sabab bekor qilindi. Asosiy vaqt 1:0 hisobida yakunlandi, qo‘shimcha ikki 15 daqiqalik bo‘limlarda ham jamoalar gol ura olmadi. 111-daqiqada «Omoniya» yana bir futbolchisidan ayrildi — Senu Kulibali maydondan chetlatildi.

G‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi. «Qayrat»ning asosiy qahramoni darvozabon Temirlan Anarbekov bo‘ldi — u ikki zarbani qaytardi. Olmaotaliklar penaltilar seriyasida 6:5 hisobida g‘alaba qozonib, musobaqaning keyingi bosqichiga yo‘l oldi. Bu natija «Qayrat»ga kuzgi mavsumda Yevropa kuboklaridan birida ishtirok etishni kafolatladi.

Chempionlar ligasining uchinchi saralash bosqichida «Qayrat» Sofiyaning «Levski» jamoasiga qarshi o‘ynaydi. Birinchi uchrashuv 4 avgust kuni Bolgariyada, javob bahsi esa 11 avgust kuni Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadi. Kutilishicha, olmaotaliklar uy uchrashuvini «Turkiston Arena» stadionida o‘tkazadi.

Agar «Qayrat» g‘alaba qozonsa, Chempionlar ligasining pley-off bosqichiga yo‘l oladi. Ushbu bosqich o‘yinlari 18–19 va 25–26 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. G‘olib jamoa Chempionlar ligasining asosiy bosqichiga chiqadi, mag‘lub bo‘lgan jamoa esa to‘g‘ridan to‘g‘ri Yevropa ligasining asosiy bosqichida ishtirok etadi.

Agar Qozog‘iston klubi «Levski»ga mag‘lub bo‘lsa, Yevropa ligasining pley-off bosqichiga o‘tadi. U yerdagi g‘alaba jamoani Yevropa ligasining asosiy bosqichiga olib chiqadi, mag‘lubiyat esa Konferensiyalar ligasining asosiy bosqichida ishtirok etish imkonini beradi.

Chempionlar ligasining pley-off bosqichi uchun qur’a tashlash marosimi 3 avgust kuni bo‘lib o‘tadi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, «Levski» — «Qayrat» juftligi g‘olibining ehtimoliy raqiblari qatorida Shotlandiyaning «Seltik», Gretsiyaning AYEK klublari, shuningdek, «Dinamo» Zagreb — «Kauno Jalgiris», «Melbyu» — «Slovan» Bratislava va «Xapoel» Beer-Sheva — «Srvena Zvezda» juftliklari g‘oliblari bor. Qur’a tashlashdan oldin UYEFA jamoalarni guruhlarga ajratish orqali ushbu ro‘yxatni qisqartirishi mumkin.

O‘tgan mavsumda «Qayrat» klub tarixida ilk bor Chempionlar ligasining guruh bosqichiga yo‘l olgan edi. Jamoa bu natijaga to‘rtta saralash bosqichining barchasidan o‘tib erishgan.