Fargʻonaning «Neftchi» va Toshkentning «Paxtakor» jamoalari Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) elita Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 5-turida gʻalaba qozona olmadi. Fargʻonaliklar Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» klubi bilan durang qayd etdi (2:2), poytaxt klubi esa Saudiyaning boshqa bir vakili — «Al-Ittihod»ga imkoniyatni boy berdi (0:2).
Islom Ismoilov shogirdlari raqibni 23 noyabr kuni Fargʻonadagi «Istiqlol» stadionida qabul qildi. Mehmonlar 28-daqiqaga kelib, angliyalik Olli Uotkins va braziliyalik Gabriel Martinellining gollari evaziga ikki toʻplik ustunlikka ega boʻldi.
Biroq tanaffusdan soʻng mezbonlar muvozanatni tiklashga muvaffaq boʻldi. 50-daqiqada Abrorbek Ismoilov hisobni qisqartirdi, oradan yetti daqiqa oʻtib Alisher Odilov raqib darvozasini ishgʻol qildi, ammo oʻyindan tashqari holat tufayli gol hisobga olinmadi. 70-daqiqada Odilovning zarbasidan soʻng marokashlik darvozabon Yassin Bunu toʻpni jamoadoshi Yusuf Okchichek tomon qaytardi va toʻp undan darvoza toʻriga borib tushdi.
Bahs yakunida fargʻonaliklar gʻalabani ilib ketishlari ham mumkin edi, biroq mehmonlarning senegallik himoyachisi Kalidu Kulibali Kofi Kouaning zarbasini toʻsib qoldi.
«Al-Hilol» bosh murabbiyi, italiyalik Simone Indzagi natijadan hafsalasi pir boʻlganini bildirdi, shu bilan birga, Oʻzbekiston klubi futbolchilarining mehnatiga tan berib, ularning fidoyiligi va har bir toʻp uchun kurashganini eʼtirof etdi. Ismoilov esa oʻz navbatida shogirdlari bilan faxrlanishini aytdi.
«Paxtakor» «Al-Ittihod» bilan bahsni Jidda shahrida oʻtkazdi. Mezbonlar 7-daqiqadayoq Muhannad ash-Shanqitiyning goli evaziga hisobni ochdi. Ikkinchi boʻlim avvalida saudiyaliklarning ustunligini fransiyalik hujumchi Jorj Ilenikena oshirdi. Toshkentliklar turnir doirasida qatorasiga uchinchi magʻlubiyatni qabul qilib oldi.
Beshta oʻyindan soʻng «Neftchi» besh ochko bilan OFK Chempionlar ligasi Gʻarbiy mintaqasi jadvalida 12-oʻrinni egallab turibdi, «Paxtakor» ikki ochko bilan soʻnggidan oldingi 15-pogʻonada bormoqda. Oʻzbekiston klublari keyingi uchrashuvlarni 7 dekabr kuni Eron vakillariga qarshi oʻtkazadi: fargʻonaliklar Iroqning Basra shahridagi betaraf maydonda «Istiqlol» bilan kuch sinashsa, toshkentliklar «Traktor»ni qabul qiladi. Umumiy bosqich yakuniga qadar jamoalar yana uchtadan oʻyin oʻtkazadi. Mintaqaning eng yaxshi sakkizta klubi pley-off bosqichiga yoʻl oladi.



