O‘zbekiston Saudiya Arabistoni o‘rniga U-17 Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi

Kubok. O‘FA fotosurati

2027 yilgi futbol bo‘yicha U-17 Osiyo kubogi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi. Musobaqa 12 maydan 29 mayga qadar Do‘stlikdagi Milliy futbol markazida o‘tkaziladi, deb xabar qildi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi.

Dastlab turnirni Saudiya Arabistoni qabul qilishi kerak edi. 2025 yil may oyida Osiyo futbol konfederatsiyasi musobaqalarni o‘tkazish qo‘mitasi qirollikni U-17 Osiyo kubogining uchta ketma-ket turniri — 2026, 2027 va 2028 yillargi musobaqalar mezboni sifatida tanlagan edi. Saudiya arizasi Xitoy va Iroq takliflaridan ustun kelgan.

Ushbu turnirlarning birinchisi 2026 yil may oyida Jidda shahrida bo‘lib o‘tdi. Keyingi musobaqaning O‘zbekistonga topshirilishi sabablari O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabarlarida keltirilmagan. 2028 yilgi U-17 Osiyo kubogi o‘tkaziladigan joy o‘zgarishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston yirik xalqaro musobaqalarni muntazam qabul qilib kelmoqda.

2022 yili Toshkent va Qarshi shaharlarida U-23 futbol bo‘yicha Osiyo kubogi bo‘lib o‘tdi. Unda mezbon O‘zbekiston terma jamoasi finalga qadar yetib borib, hal qiluvchi bahsda Saudiya Arabistoniga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

2023 yili Toshkent va Farg‘ona shaharlari U-20 Osiyo kubogiga mezbonlik qildi. O‘zbekiston terma jamoasi finalda Iroqni 1:0 hisobida mag‘lub etib, turnir g‘olibiga aylandi.

2024 yili Toshkent, Andijon va Buxoro shaharlarida futzal bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazildi. Bu Markaziy Osiyoda o‘tkazilgan ilk FIFA musobaqasi bo‘ldi. 2027 yilda esa O‘zbekiston Ozarbayjon bilan birgalikda futbol bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi jahon chempionatini qabul qiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston avvalroq 2031 yilgi kattalar o‘rtasidagi Osiyo kubogini o‘tkazish uchun qo‘shma ariza topshirgan edi.