Qozog‘istonlik jurnalist, mustaqil «Uralskaya nedelya» nashrining sobiq bosh muharriri Luqpan Axmedyarovni mamlakatdan chiqishi taqiqlangani sababli Qozog‘istondan chiqarishmadi. Bu haqda u Facebookdagi sahifasida ma’lum qildi.
Axmedyarovning so‘zlariga ko‘ra, u oilasi bilan Chernogoriyaga dam olish uchun uchib ketmoqchi bo‘lgan, biroq Ostona aeroportida pasport nazoratidan o‘ta olmagan. Jurnalistning ta’kidlashicha, safar arafasida u eGov portali va Adliya vazirligi sayti orqali mamlakatdan chiqishga nisbatan cheklovlar mavjud yoki yo‘qligini maxsus tekshirgan va hech qanday taqiqni aniqlamagan. Biroq, 3 avgust kuni Ostona aeroportida chegara xizmati xodimlari uning mamlakatdan chiqishiga ruxsat berishmagan.
«Chegarachi menga Qozog‘iston Respublikasi hududini tark etish taqiqlanganini aytdi. Pasportimni qaytarib berishdi. (...) Shuningdek, chiqishni taqiqlash tashabbuskori Ostona politsiya boshqarmasi ekanini ham ma’lum qilishdi», — deb yozadi jurnalist.
Unga cheklov joriy etilishining sabablari tushuntirilmagan.
Luqpan Axmedyarov — so‘nggi yillarda bir necha bor bosim va ta’qiblarga duch kelgan taniqli mustaqil jurnalist. U 2022 yildan buyon «Prosto jurnalistika» nomli YouTube-kanalini yuritib keladi. Ushbu kanal faoliyati davomida bir necha marta bloklangan.
2025 yil aprel oyida Axmedyarov oldindan yolg‘on ekani ma’lum bo‘lgan axborotni tarqatish ishi doirasida Ostonada ushlanib, so‘roq qilingan. U mazkur ish bo‘yicha himoya huquqiga ega guvoh maqomida qatnashgan. Bunga Rossiyada ishga joylashtirish bahonasida Qozog‘iston fuqarolarini Rossiya Mudofaa vazirligi bilan Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish uchun shartnoma imzolashga majburlashgani haqidagi nashr etilgan material sabab bo‘lgan. Keyinchalik jurnalist ustidan ariza yozgan ayol buni politsiya bosimi ostida qilganini ma’lum qilgan.
2026 yil mart oyida Axmedyarov Ukrainadan qaytgach, o‘zi va yana ikki nafar hamkasbi Ostona aeroportida ushlanganini ma’lum qilgan. Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolik kiyimidagi xodimlar buni Yevropa va Ukrainadan kelayotgan fuqarolar bilan «tushuntirish suhbati» o‘tkazish zarurati bilan izohlagan. Taxminan 40 daqiqadan so‘ng ular qo‘yib yuborilgan.
Joriy yil iyun oyi oxirida Axmedyarov Rossiya hokimiyati tomonidan Rossiya Qurolli kuchlari haqida qasddan yolg‘on axborotni tarqatganlikda ayblanib, davlatlararo qidiruvga berilganidan so‘ng Uralsk shahrida qisqa muddatga ushlangan edi.



