Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish El-Nino deb nomlanuvchi tabiiy hodisaning kuchayishi natijasida yuzaga keladigan misli ko‘rilmagan issiqlik davri yaqinlashayotgani haqida ogohlantirdi. U dunyo davlatlari hukumatlarini yangi harorat rekordlariga tayyorlanishga va aholini himoya qilish choralarini ko‘rishga chaqirdi, bu haqda BMT saytida so‘z yuritilgan.
Bosh kotib iyun va iyul oylarida Jahon okeani yuza qatlami harorati bo‘yicha rekord ko‘rsatkichlar qayd etilganini ta’kidladi. Bunday o‘zgarishlar Ispaniya, Fransiya va boshqa qator mamlakatlarni qamrab olgan anomal issiqlik, shuningdek o‘rmon yong‘inlariga olib kelgan.
Biroq, Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, bu hali faqat boshlanishi. Jahon meteorologiya tashkiloti tomonidan e’lon qilingan yangi prognozlar xavotirli manzarani ko‘rsatmoqda, chunki El-Nino rivojlanishini belgilaydigan Tinch okeani yuza harorati o‘z cho‘qqisiga yetgan va yanada ko‘tarilishda davom etmoqda. Kutilishicha, avgustdan oktyabr oyigacha deyarli butun quruqlik hududlarida havo harorati iqlim me’yoridan yuqori bo‘ladi.
«Xulosa aniq: iqlim inqirozi jadal sur’atlar bilan kuchayib bormoqda», — dedi BMT Bosh kotibi.
U, shuningdek, ekstremal issiqlikni bekorga «jim qotil» deb atashmasligini ta’kidladi. Chunki bu hodisa ofat ko‘lamini to‘liq aks ettirmaydi: yuqori harorat ta’siri bilan bog‘liq ko‘plab o‘lim holatlari rasmiy statistikada hisobga olinmaydi.
Guterrish bir necha yil avval El-Nino kuchayishi haqida ogohlantirganini eslatdi. Shu vaqt ichida ko‘plab davlatlar ob-havoni prognoz qilish tizimlarini takomillashtirgan, 250 dan ortiq shahar «Issiqlikni yengamiz» tashabbusiga qo‘shilgan. Biroq, BMT rahbari ta’kidlashicha, isish sur’atlari turli davlatlar hukumatlari tomonidan ko‘rilayotgan choralardan o‘zib ketmoqda.
Shu munosabat bilan Bosh kotib to‘rtta asosiy yo‘nalishga e’tibor qaratishga chaqirdi: harakat rejalari va erta ogohlantirish tizimlari orqali aholini himoya qilish, xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash, shaharlar va infratuzilmani kuchli issiqlikka moslashtirish hamda iqlim inqirozining asosiy sabablarini bartaraf etish.
Bundan tashqari, siyosatchi hukumatlarni qazib olinadigan yoqilg‘ilardan foydalanishni qisqartirishga chaqirdi. Guterrishning ta’kidlashicha, ko‘mir, neft va gaz qazib chiqarish bo‘yicha har bir yangi loyiha kelajakdagi issiqlik to‘lqinlarini yanada xavfli qiladi.
Ekspertlar ma’lumotlariga ko‘ra, El-Nino kuchayishda davom etadi va 2026 yil avgustdan oktyabr oyigacha bo‘lgan davrda yuqori intensivlikka erishadi.
Prognozlarga ko‘ra, dengiz yuza qatlamining o‘rtacha harorati Selsiy bo‘yicha 2,9 darajadan oshadi. Bu esa ayrim hududlarda qurg‘oqchilik, suv toshqinlari va o‘rmon yong‘inlariga olib kelishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, sayyoraning quruqlik qismida havo harorati o‘rtacha ko‘rsatkichlardan yuqori bo‘ladi. Bu tendensiya ayniqsa Afrikada, Yevropaning janubiy qismida, Arabiston yarim oroli va Hind subkontinentida, Sharqiy Osiyoda, Karib havzasida, Janubiy Amerikaning katta qismida hamda Yangi Zelandiyada yaqqol namoyon bo‘ladi.
Meteorologiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, avgust–oktyabr oylarida Markaziy Osiyo, Janubiy Yevropa, Shimoliy Amerikaning g‘arbiy qismi va Janubiy Amerikaning janubi-sharqiy hududlarida odatdagidan namroq sharoitlar kutilmoqda.
ℹ️ El-Nino — bu tabiiy iqlim hodisasi bo‘lib, unda Tinch okeanining markaziy va sharqiy qismidagi suv yuzasi harorati odatdagidan yuqori bo‘ladi. Bu esa butun dunyodagi ob-havo sharoitlarining o‘zgarishiga ta’sir qiladi.



