Afg‘onistonda Fayzobod shahrida gubernator qarorgohi yaqinidagi nazorat-o‘tkazish punktiga hujum qilindi. Afghanistan International nashriga ko‘ra, 11 avgust, seshanba kuni kechqurun Badaxshon viloyati poytaxtida toliblar gubernatori ofisi yaqinida joylashgan blokpost raketa zarbalariga uchragan. Pozitsiyaga ikki reaktiv snaryad otilgan, shundan so‘ng hududda ayrim o‘q uzish ovozlari eshitilgan. Hujum uchun hech kim javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan, Toliblar hukumati esa hodisani izohlamagan.
«Farg‘ona» avvali xabar qilganidek, Afg‘onistonda hokimiyatni egallab turgan «Tolibon» harakati qurolli muxolifat faolligi keskin kuchaygani fonida Badaxshon viloyatida keng ko‘lamli harbiy operatsiya tayyorlamoqda. Toliblar Badaxshonning tog‘li hududlariga qo‘shimcha kuchlarni jo‘natishi va harakat qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Fasihuddin Fitratning shaxsan mintaqaga kelishi nafaqat «Milliy qarshilik fronti» va «Afg‘oniston ozodligi fronti» partizan reydlari ko‘paygani, balki 28 iyul kuni toliblarning Badaxshon viloyati axborot va madaniyat boshqarmasi rahbari Zabihulla Amiriy o‘ldirilgani bilan ham bog‘liq. Uning o‘ldirilishi uchun javobgarlikni «Islom davlati»ning* mintaqaviy bo‘linmasi o‘z zimmasiga olgan.
Shuningdek, «Farg‘ona» agentligi iyul oyida yangi qurolli guruh — «Sepahiyan-ye Mehan» («Vatan jangchilari») Yaftali-Sufla tuman markazini bir necha soat davomida nazorat qilgani haqida xabar bergandi. Bu viloyatda so‘nggi besh yil ichida kuchayib borayotgan partizanlik harakatining eng ko‘zga ko‘ringan voqealaridan biri bo‘ldi.
*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot



