Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 2027 yilda davlat rahbari lavozimiga nomzodini qo‘yadi. Bu haqda u jurnalist Ali Toktakunovga bergan intervyusida ma’lum qildi.
«Men ikkinchi muddatga saylanish uchun nomzodimni qo‘yishimni allaqachon aytganman», — dedi Japarov.
Prezidentning ikkinchi muddatga nomzodini qo‘yish niyati haqida uning matbuot kotibi Askat Alagozov 2024 yil yanvar oyida xabar bergan edi. O‘shanda saylovlar 2026 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan, ammo keyinchalik ular 2027 yil yanvar oyiga ko‘chirildi.
Ayni paytda Toktakunovga bergan intervyusida Japarov Kamchibek Tashiyevni prezidentlik kreslosiga o‘tqazib, o‘zi esa nafaqaga chiqishni rejalashtirganini aytdi.
«Suhbat ochiq-oydin ketayotgan ekan, sizga butun haqiqatni aytaman. Mening o‘z rejam bor edi: olti yil ishlab, 2027 yilda saylovda nomzodimni qo‘ymaslik. Agar o‘sha vaqtga kelib Kamchi tayyor bo‘lsa, yaxshi ishlasa va tajriba orttirgan bo‘lsa, uni saylovda ishtirok etishini xohlagan edim. O‘zim saylovda qatnashmasdim, Kamchini prezident qilardim va dam olishga ketardim. Bu mening shaxsiy rejam edi», — deya Japarovning so‘zlarini keltiradi AKIpress.
Japarovning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z qarori haqida Tashiyevga 2024 yildayoq aytgan.
«Men unga: “Tayyor bo‘l, atrofingdagilarni tozala va tarbiyala”, degan edim. Ammo keyin uning tayyor emasligini ko‘rdim. Barcha xodimlar undan qo‘rqa boshladi. Uning butun atrofidagilar o‘zlarini go‘yo osmonga ko‘tarilgandek tuta boshlashdi. “75 shaxs maktubi” ishi bo‘yicha parlamentda deputatlarni ikkiga ajrata boshlashdi: “Sen general tomonidasan, sen esa uning tomonida emassan”. Shunda men uni chaqirib: “Bunday bo‘lmaydi. Xalqni bo‘lish mumkin emas… Shuning uchun seni lavozimdan ozod qilyapman. Xafa bo‘lma. Agar keyingi saylovda ishtirok etmoqchi bo‘lsang, sening ishtiroking uchun sharoit yaratib beraman», degandim”, — dedi Japarov.
Biroq, 2026 yil iyul oyida Tashiyev 2027 yilda prezidentlikka nomzodini qo‘yishdan bosh tortishi haqida ma’lum qildi.
«U o‘shandayoq: “Men ishtirok etmayman. Senga qarshi saylovga bormayman. Agar meni shunchaki lavozimdan ozod qilayotganingni aytganingda, shuning o‘zi yetarli bo‘lardi”, — dedi. Keyin u omma oldida: “Men uni qo‘llab-quvvatlayman, o‘z jamoam bilan uni qo‘llab-quvvatlash tarafdori bo‘laman”, — deya bayonot berdi. Men buni ko‘rdim», — dedi Japarov.
Sadir Japarov Qirg‘iziston prezidenti lavozimini 2021 yil yanvar oyida egallagan va saylovchilarning 79,2 foiz ovozini olgan. Davlat rahbari uchun navbatdagi saylov 2027 yil 27 yanvarda bo‘lib o‘tadi. Mamlakat Konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident besh yillik muddatga ikki marta saylanishi mumkin.
ℹ️ Kamchibek Tashiyev Sadir Japarovning yaqin safdoshi bo‘lgan, xalq orasida ularning tandemi «eki dos» deb atalgan. 2026 yil 10 fevral kuni Japarov Tashiyevni Bosh vazir o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi lavozimlaridan bo‘shatdi. Bu qarordan bir kun oldin prezident va parlament spikeriga muddatidan oldin prezidentlik saylovini o‘tkazishga chaqiriq bilan murojaat e’lon qilingan edi. Murojaat ostiga 75 kishi imzo qo‘ygan. Japarov Tashiyevni iste’foga chiqarishini «jamiyatda, jumladan davlat tuzilmalari o‘rtasida bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik, aksincha, birdamlikni mustahkamlash» istagi bilan izohlagan. Keyinchalik Tashiyevga nisbatan «75 shaxs ishi» bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilib, shu yil iyul oyi boshida u Jinoyat kodeksining 326-moddasi («Hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olish») bo‘yicha aybdor deb topilib, mol-mulki musodara qilingan holda to‘rt yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.



