Qozog‘iston tashqi siyosati konsepsiyasidan Nazarboyev haqidagi eslatmalar olib tashlandi

akorda.kz sayti fotosurati

Prezident Qasim-Jomart To‘qayev 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan Qozog‘iston tashqi siyosati konsepsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjatda bir qator iboralar yangilangan, xususan, Konsepsiyadan birinchi prezident Nursulton Nazarboyevning nomi tilga olinishi olib tashlangan. Bunga «Ak Jayik» nashri e’tibor qaratgan.

Avvalgi tahrirda Qozog‘iston tashqi siyosatining asosiy tamoyillari qatorida «mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida Birinchi Prezident – Elbasi N.A. Nazarboyevning tashqi siyosiy kursining davomiyligi» qayd etilgan edi.

Yangi versiyada ushbu band qayta tahrirlangan: “mamlakat rivojlanishining yangi bosqichida tashqi siyosat yo‘nalishining uzluksizligi”.

Konsepsiyadan, shuningdek, Nazarboyevning Qozog‘iston xalqiga, davlat organlari va mansabdor shaxslarga tashqi siyosatning eng muhim masalalari bo‘yicha tashabbuslar bilan murojaat qilish huquqini nazarda tutuvchi band ham chiqarib tashlangan. Ilgari hujjatda mazkur huquq uning «tarixiy missiyasi» hamda «Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti — Elbasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun qoidalari bilan asoslangan edi.

O‘zgarishlar Qozog‘istonning tashqi siyosat pozitsiyasini aniqlash vositalariga ham ta’sir ko‘rsatadi. Ilgari, xalqaro hamjamiyatni mamlakatning mintaqaviy va global siyosat va iqtisodiyotdagi yondashuvlari va tashabbuslari haqida, xususan, Ostona iqtisodiy forumi, Yevroosiyo media forumi va «Astana Club» orqali xabardor qilish rejalashtirilgan edi. Yangi versiyada ushbu ro‘yxatdan faqat Ostona xalqaro forumi qolgan.

Mamlakat siyosiy tizimiga tegishli o‘zgarishlarning alohida to‘plami mavjud. Konsepsiyada Qurultoy Qozog‘istonning qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiruvchi eng yuqori vakillik organi sifatida belgilanishi to‘g‘risidagi bayonot mavjud.

Farmon imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.

Qozog‘istonning 2030 yilgacha bo‘lgan tashqi siyosat konsepsiyasining oldingi versiyasi 2020 yil mart oyida tasdiqlangan. Hujjatda global va mintaqaviy vaziyatdagi o‘zgarishlarni hisobga olgan holda mamlakat tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan.

Konsepsiyaning asosiy ustuvor yo‘nalishlari qatorida Qozog‘istonning mustaqilligi va xalqaro obro‘sini mustahkamlash, mintaqaviy va global xavfsizlikni ta’minlash, Rossiya, Xitoy, AQSH, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni rivojlantirish va mamlakatning iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish tilga olingan.

Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksportni kengaytirish, Qozog‘istonni tranzit va logistika markazi sifatida rivojlantirish hamda chet eldagi fuqarolar va biznes manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgan.