Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tshqayev mamlakat fuqarolarini an’anaviy odob-axloq me’yorlariga rioya qilishga chaqirdi va erkaklar, ayniqsa harbiylar o‘rtasida quchoqlashish odatini tanqid qildi. Davlat rahbari bu bayonotni 23 avgust kuni Ostonada parlament saylovlarida ovoz berganidan so‘ng bildirdi, deya xabar beradi Oqo‘rda.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, u jamiyatdagi odob-axloq va an’anaviy etiket me’yorlarini belgilab beradigan yangi xulq-atvor kodeksini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surgan. Bunga yoshlar va katta yoshdagilarning xulq-atvoridagi o‘zgarishlarni kuzatayotgani sabab bo‘lgan. To‘qayev «azaliy an’analarni eslash» zarur, deb hisoblaydi.
«Erkaklarning bir-birini quchoqlashi, o‘pishi, ayollarning erkaklarni o‘pishi, erkaklarning ayollarni o‘pishi — bu to‘g‘ri emas. Bizning urf-odatlarimizda hech qachon bunday bo‘lmagan. Ayniqsa, harbiy libosdagi odamlar. Generallar bir-birini quchoqlay boshlayapti. Bu nima degani?» — dedi To‘qayev.
U Ikkinchi jahon urushi g‘oliblari bo‘lgan Sovet Ittifoqi marshallarini uchrashganda bir-birini quchoqlab, o‘pishib turgan holda tasavvur qilish qiyinligini ta’kidlagan.
Davlat rahbarining fikricha, buning o‘rniga erkaklar bir-birining qo‘lini mahkam siqib, suhbatdoshini tabassum bilan qarshi olishi kerak. Agar inson uchrashganidan chindan ham xursand bo‘lsa, o‘ng qo‘lini yuragiga qo‘yishi mumkin.
«Erkaklar bir-biriga qo‘l uzatib, uni mahkam siqishi kerak, iliq kotlet yoki novda uzatgandek qo‘l berishi kerak emas», — dedi To‘qayev.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston «madaniyatli millat» bo‘lishga intilishi va dunyoda, jumladan, jamiyat madaniyati hamda tartib-intizomga rioya qilishi bilan tanilishi kerak.



