Olmaotadagi tergov hibsxonasida saqlanayotgan sobiq pravoslav ruhoniysi Iakov Voronsov unga tibbiy yordam ko‘rsatilmayotganini ma’lum qildi. Bu haqda uning 17 avgust kuni do‘stiga yo‘llagan maktubida aytilgan, deya xabar beradi Qozog‘iston Xalqaro inson huquqlari va qonuniylikka rioya etish byurosi (QIXQB).
Voronsovning so‘zlariga ko‘ra, unda oyoqning surunkali kasalligi — trofik yara va posttromboflebit xuruj qilgan. Kuchli og‘riq sababli u uxlay olmagan va tergov hibsxonasi tibbiy xizmati xodimlariga bir necha bor murojaat qilgan. Biroq, ruhoniyning ta’kidlashicha, unga yordam ko‘rsatilmagan.
«Oyog‘im qattiq og‘riyapti, og‘riq tufayli uxlay olmayapman. Shifokorlarga murojaat qilyapman. Hech qanday munosabat yo‘q. Hech qanday yordam ko‘rsatilmayapti. Bu masala yuzasidan shikoyat yozdim. Ammo natija bo‘lmadi (…) Menga flebolog ko‘rigidan zudlik bilan o‘tish va davolanish kerak», — deb yozadi Voronsov.
▶️ Iakov Voronsov — Ukrainadagi urushga qarshi chiqqan va RPCHdan mustaqil pravoslav cherkovini tashkil etish tarafdori bo‘lgan sobiq pravoslav ruhoniysi. U 13 fevral kuni tungi paytda qo‘lga olingan. Olmaota ma’muriy sudi uni narkotik vositalarni tibbiy maqsadlarsiz iste’mol qilganlikda aybdor deb topib, 10 sutkaga qamoq jazosini tayinlagan. Keyinchalik ruhoniyga narkotik moddalar iste’mol qilinadigan maskanni saqlash va narkotiklarni sotish maqsadisiz saqlash bilan bog‘liq moddalar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan. 25 fevral kuni tergov sudi uni yana qamoqqa olgan. Iakov ota o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etgan va ishni soxtalashtirilgan deb atagan.
13 may kuni tergovchi Voronsovga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgartirib, uni ixtisoslashtirilgan psixiatriya muassasasiga joylashtirish haqida iltimosnoma kiritgan. Uning advokati Galim Nurpeisovning so‘zlariga ko‘ra, himoya tomoni psixiatriya ekspertizasidan o‘tkazishdan bosh tortgan, ammo Voronsov baribir majburiy davolanishga yuborilgan. Uning psixiatriya shifoxonasidan tergov hibsxonasiga qaytarilgani haqida 13 iyul kuni ma’lum bo‘ldi.
«Shifokorlar unda hech qanday ruhiy buzilish aniqlamadi va sog‘lom insonni allambalo kasallikdan davolashdan bosh tortdi», — deya o‘shanda QIXQB.
Ayni paytda Voronsov ishi bo‘yicha tergov yakunlangan. Yaqin vaqt ichida sud muhokamasi boshlanishi kutilmoqda.



