Xorvatiyalik mutaxassis Robert Prosinechki Qirg‘iziston futbol bo‘yicha milliy terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimini tark etdi. Bu haqda Qirg‘iziston futbol ittifoqi matbuot xizmati xabar berdi.
«Qirg‘iziston futbol ittifoqi Ijroiya qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, tomonlar Qirg‘iziston futbol bo‘yicha milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Robert Prosinechki bilan hamkorlikni o‘zaro kelishuv asosida to‘xtatishga qaror qildi», — deyiladi xabarda.
Yangi bosh murabbiy etib mahalliy mutaxassis Urmat Abdukaimov tayinlandi. U avval Qirg‘izistonning U-23 olimpiya terma jamoasiga rahbarlik qilgan, milliy terma jamoa bosh murabbiyi vazifasini vaqtincha bajargan va «Talant» klubida murabbiylik qilgan. QFI ma’lumotlariga ko‘ra, Abdukaimov OFKning A toifali murabbiylik litsenziyasiga ega. Hozircha unda OFK Pro litsenziyasi yo‘q. Biroq, Osiyo futbol konfederatsiyasi talablariga ko‘ra, OFK turnirlarida kattalar milliy terma jamoasi bosh murabbiyi uchun Pro darajasidagi litsenziya talab etiladi.
Ehtimol, Abdukaimov yaqin vaqt ichida zarur litsenziyani oladi yoki Osiyo kubogi oldidan ushbu litsenziyaga ega mutaxassis taklif etiladi.
Prosinechki 2025 yil dekabr oyida milliy terma jamoani boshqargan edi. Shartnoma bir yil bir oy muddatga tuzilgan bo‘lib, terma jamoaning 2027 yilgi Osiyo kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etgan taqdirda, shartnomani yana uch yilga uzaytirish imkoniyati ko‘zda tutilgan.
Xorvatiyalik mutaxassisning ehtimoliy ketishi haqidagi mish-mishlar iyun oyida, QFI rahbariyati almashganidan ko‘p o‘tmay paydo bo‘lgan edi. 10 iyun kuni Qirg‘iziston OAVlari manbalarga tayangan holda Prosinechki bilan hamkorlikni to‘xtatish masalasi terma jamoaning iyun oyidagi o‘yinlariga qadar muhokama qilingani haqida xabar bergan. O‘sha paytda bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan edi.
QFI rahbariyatidagi o‘zgarishlar bahorda boshlangan edi. 15 aprel kuni Prosinechki terma jamoaga taklif etilgan paytda ittifoq prezidenti bo‘lgan Kamchibek Tashiyev lavozimini tark etdi, kongress delegatlari esa Ijroiya qo‘mitasining yangi tarkibini sayladi. 12 may kuni Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Adilbek Qosimaliyev QFI prezidenti etib bir ovozdan saylandi.
Prosinechki rahbarligida Qirg‘iziston terma jamoasi to‘rtta o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi va birorta ham g‘alaba qozona olmadi. Mart oyida qirg‘izistonliklar Ekvatorial Gvineyaga 0:1 va Madagaskarga 2:5 hisobida mag‘lub bo‘ldi, iyun oyida esa Falastin bilan ikki marta 0:0 hisobida durang o‘ynadi.
Robert Prosinechki Xorvatiyaning eng mashhur futbolchilaridan biri hisoblanadi. U mamlakat terma jamoasi tarkibida jahon chempionatining bronza medali sohibi bo‘lgan. Belgradning «Srvena Zvezda», Madridning «Real» va «Barselona» klublarida to‘p surgan. Futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan so‘ng murabbiylik faoliyatini boshlagan. Turkiya va Xorvatiya klublariga, shuningdek, Ozarbayjon, Bosniya va Chernogoriya terma jamoalariga rahbarlik qilgan.



