IPHR: Qirg‘iziston hukumati muxolifat va mustaqil OAVlarga bosim o‘tkazishda davom etmoqda

Qirg‘izistonda faollar, muxolifat vakillari, mustaqil OAVlar va amaldagi hokimiyatni tanqid qilgan fuqarolarni ta’qib qilish davom etmoqda. Bunday xulosa Xalqaro inson huquqlari hamkorligi (IPHR) tomonidan CIVICUS Monitor loyihasi uchun tayyorlangan hisobotda keltirilgan.

Hujjatda Markaziy Osiyo respublikasida joriy yilning mart oyidan avgust oyiga qadar inson huquqlari va fikr bildirish erkinligi bilan bog‘liq vaziyat aks ettirilgan.

Ekspertlar fevral oyida shov-shuvli voqea sodir bo‘lganini ta’kidlagan: mamlakat prezidenti Sadir Japarov o‘zining yaqin safdoshi — Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevni kutilmaganda lavozimidan ozod qildi. Bundan tashqari, maxsus xizmatning sobiq rahbari va uning yaqinlariga qarshi hokimiyatni egallab olishga urinish ayblovi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Biroq, yakunda Tashiyev probatsiya nazorati ko‘rinishidagi jazo bilan qutulib qoldi.

IPHR ekspertlarining ta’kidlashicha, MXDQ rahbari hukumat tanqidchilarini ta’qib qilish bilan ajralib turgani sababli, uning lavozimdan ketishi hokimiyatning boshqacha fikrda bo‘lganlarga nisbatan yondashuvi o‘zgarishiga umid uyg‘otgan. Biroq, ayrim ijobiy o‘zgarishlarga qaramay, muxolifatga bosim davom etgan.

«Japarov Qirg‘izistonda fikr bildirish erkinligiga rioya etilish zarurligini yana bir bor ochiqchasiga ta’kidlagan bo‘lsa-da, u ushbu huquqning tor talqinini himoya qildi. Bunday talqinga ko‘ra, hokimiyat taxminan yolg‘on, tuhmat yoki boshqa usul bilan yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan axborot tarqatilishining oldini olish uchun keng vakolatlarga ega bo‘ladi», — deyiladi hisobotda. Shu sababli mamlakatda jurnalistlar, blogerlar va boshqa faollarga nisbatan jinoiy ta’qib davom etgan.

Hisobotda bunday holatlarning bir nechta misoli keltirilgan. Xususan, Temirov Live media loyihasi xodimi Maxabat Tajibek qizi hanuz tergov ostida qolayotgani qayd etilgan. Mart oyida Oliy sud jurnalist ayolning qamoqqa olinishini noqonuniy deb topgan BMT Ishchi guruhining fikrini inobatga olgan holda, uning ishini qayta ko‘rib chiqishga qaror qilgan edi. Shundan so‘ng ayol tilxat asosida ozod qilingan, biroq advokatlar ishni tugatishga erisha olishmagan. Endi uning tartibsizliklarga da’vat qilganlikdagi ayblovlar bo‘yicha yana sud oldida himoyalanishiga to‘g‘ri keladi.

Ayni paytda Oliy sud zo‘ravonlik yo‘li bilan hokimiyatni egallab olishga da’vatlar aks etgan postlari uchun sudlangan bloger Qanikey Aranovaning ishini qayta ko‘rib chiqishni rad etdi. Siyosiy sabablarga ko‘ra qo‘yilgan ayblov bo‘yicha qamoq jazosini o‘tab chiqqan oqin Askat Jetigen esa ozodlikka chiqqach, mahbuslarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘linganini ma’lum qildi. Qamoqxona nazoratchilari bunday holatlarni inkor etadi, biroq faolning shikoyatini hozirda Bosh prokuratura ko‘rib chiqmoqda.

Huquq himoyachilari hisobot davrida bir nechta oqlov hukmi chiqarilgani, hokimiyat tanqidchilari ham amnistiyaga tushganini ta’kidlashmoqda. Biroq shunga qaramay, boshqacha fikr bildiruvchilar hali ham huquqlari buzilishi xavfi ostida qolmoqda. Masalan, gap yerlarni chet ellik investorlarga, asosan xitoylik investorlarga uzoq muddatga berishga qarshi chiqqan faollar haqida bormoqda. Hukumat qarorini tanqid qilganlar ushlangan, so‘roqqa chaqirilgan va qo‘rqitilgan.

Bundan tashqari, Prezident Administratsiyasi axborot siyosati xizmati rahbari Dayirbek Orunbekov ijtimoiy tarmoqlar orqali «feyk» xabarlar tarqatish va respublika hukumatining XXRdagi hamkorlari bilan aloqalarini obro‘sizlantirganlik uchun jinoiy ta’qib va qamoq jazosi bilan tahdid qilgan. Bunda mulozim o‘z postida jurnalistlar, yuristlar va muxolifat vakillarining shaxsiy ma’lumotlaridan foydalangan. Keng jamoatchilik noroziligidan so‘ng amaldor postlarida shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun buzilgan-buzilmaganini tekshirish boshlangan. Biroq, jinoiy ish qo‘zg‘atilgan-qo‘zg‘atilmagani va boshqa choralar ko‘rilgan-ko‘rilmagani noma’lum.

Hisobotda yana bir nechta holat keltirilgan. Jumladan, iyun oyida muxolifatdagi Sotsial-demokratik partiya yetakchisi Temirlan Sultonbekov va uning bir nechta tarafdori 2025 yilgi parlament saylovlari davrida tartibsizliklar uyushtirish va hokimiyatni egallab olishga tayyorgarlik ko‘rganlik ishi bo‘yicha sud oldida hozir bo‘lgani qayd etilgan. Huquq himoyachilari sud majlislari yopiq tarzda o‘tkazilayotganidan xavotir bildirib, amaldagi hokimiyat raqiblarini yo‘qotishga qaratilgan, yuqoridan nazorat qilinadigan siyosiy motivdagi sud jarayoni bo‘lishidan xavfsiramoqda.

Shuningdek, may oyida Qirg‘iziston huquq himoyachisi va Human Rights Watch tashkilotining sobiq tadqiqotchisi Stiv Sverdlovga mamlakatga kirishni sabablarini tushuntirmagan holda taqiqlagani qayd etilgan. IPHR fikricha, bunday qaror Markaziy Osiyo respublikasi rahbariyati xorijiy fuqarolik jamiyati vakillarining faoliyatiga to‘sqinlik qilayotganidan dalolat beradi.