Pokiston hukumati afg‘onistonlik fuqarolarning mamlakatdagi tibbiyot va stomatologiya oliy ta’lim muassasalarida o‘qishini to‘xtatish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi va talabalardan Afg‘onistonga qaytishni talab qildi. Bu haqda Afg‘onistonning mustaqil «Hasht-e Subh» nashri xabar berdi.
Nashr tomonidan e’lon qilingan hujjatlarga ko‘ra, tibbiyot universitetlariga afg‘onistonlik fuqarolarning tahsil olishini to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Ayrim holatlarda talabalarga zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va mamlakatdan chiqib ketish uchun atigi 24 soat vaqt berilgan.
«Hasht-e Subh» tayanayotgan Pokiston tibbiyot kengashining ko‘rsatmasida aytilishicha, joriy o‘quv yilida afg‘onistonlik fuqarolarga tibbiyot va stomatologiya muassasalariga yangi qabul, o‘qishni ko‘chirish va ta’limning boshqa shakllarida ishtirok etish taqiqlangan. Ilgari o‘qishga qabul qilingan talabalarga ham Afg‘onistonga qaytish buyurilgan.
Nashr xabar berishicha, hozirda Pokistonda qariyb ming nafar afg‘onistonlik talaba, jumladan, mamlakat hukumati stipendiyalari asosida tahsil olmoqda. Ularning ko‘pchiligi yuqori kurslarda o‘qiydi va yaqin oylarda ta’limni tamomlab, diplom olishi kerak edi.
Talabalar «Tolibon» harakati siyosatiga aloqasi yo‘qligini va Islomobod bilan Afg‘onistonning amaldagi hokimiyati o‘rtasidagi kelishmovchiliklar qurboniga aylanmasliklari kerakligini aytmoqda. Ular Pokiston hukumatidan qarorni qayta ko‘rib chiqish va ta’limni yakunlashlariga imkon berishni so‘rashmoqda.
Qaror ayniqsa talaba qizlar uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ularning ayrimlari Afg‘onistonda «Tolibon» tomonidan joriy etilgan cheklovlar tufayli o‘qish imkoniyatidan mahrum bo‘lganidan so‘ng, Pokistonda tibbiy ta’limni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘lgandi.
«Hasht-e Subh» yozishicha, mazkur ko‘rsatma Pokistonning «milliy siyosati» bilan bevosita bog‘liq.



