Qozog‘istonda sobiq media-menejer haqoratomuz posti uchun 20 sutkaga qamoqqa olindi

Ijtimoiy tarmoqdan olingan fotosurat

Qozog‘istonning KTK telekanali sobiq rahbari, hozirda jamoat arbobi bo‘lgan Arman Sho‘rayev (Shorayev) ijtimoiy tarmoqlarda haqoratomuz iboralardan foydalanilgan postni e’lon qilgani uchun 20 sutkaga ma’muriy qamoqqa olindi, deb xabar beradi Qaz365.kz nashri.

Postni politsiya xodimlari ijtimoiy tarmoqlarni monitoring qilish jarayonida aniqlagan. Politsiya boshqarmasining rasmiy xabarida uning mazmuni keltirilmagan. Biroq, Sho‘rayevning o‘zi Facebookda gap qaysi post haqida ketayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu uning shaxsiy posti emas, balki Rossiyadagi Wildberries omborlariga dronlar hujumi haqidagi boshqa birovning rasmini repost qilish bo‘lgan.

Arman Sho‘rayev — Qozog‘istonda taniqli bloger va jamoat arbobi. 2020 yil mart oyiga qadar u Qozog‘iston prezidenti huzuridagi Milliy jamoat ishonchi kengashi tarkibida bo‘lgan. Turli yillarda «Xabar» agentligi bosh direktori o‘rinbosari va KTK telekanali bosh direktori lavozimlarida ishlagan.

Shuningdek, u avvalroq «Qazaq kuresi» Milliy federatsiyasi prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan. So‘nggi yillarda Sho‘rayev blogerlik faoliyatiga e’tibor qaratib, ijtimoiy tarmoqlarda ijtimoiy-siyosiy mavzular bo‘yicha keskin fikrlari bilan muntazam chiqish qilib keladi.

Joriy yil iyun oyida Sho‘rayevning nomi politsiya bilan bog‘liq boshqa bir voqeada ham tilga olingan. Ulusmedia ma’lumotiga ko‘ra, o‘shanda internetda jamoat arbobiga nisbatan qidiruv e’loni paydo bo‘lgan. Ko‘kshetau shahrida yashovchi fuqaro «Proviant» do‘koni yonida yuz bergan mojarodan so‘ng politsiyaga murojaat qilgan. Uning aytishicha, ikki nafar erkak uning voyaga yetmagan o‘g‘liga hujum qilib, unga tan jarohati yetkazgan, haqorat qilgan va telefonini sindirgan. Arizaga Sho‘rayevning nomi ham kiritilgan. Keyinchalik u politsiyaga o‘zi kelgani va shu bois qidiruvga ehtiyoj qolmagani ma’lum bo‘lgan.

2020 yil aprel oyida Sho‘rayev Qarag‘anda shahrida favqulodda holat sharoitida qasddan yolg‘on axborot tarqatganlikda ayblanib (Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 274-moddasi) ushlangan. Biroq, keyinchalik unga nisbatan jinoyat ishi tugatilgan.