Istanbul sudi ikki nafar o‘zbekistonlikni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi

Durdona Hakimova va Sayyora Ergashaliyeva. haberler.com sayti fotosurati

Istanbulning 17-Oliy jinoyat sudi O‘zbekiston fuqarolari Dilshod Turdimurotov va G‘ofurjon Kamalxo‘jayevni ikki nafar vatandoshi — Durdona Hakimova va Sayyora Ergashaliyevani shafqatsizlarcha o‘ldirganlikda aybdor deb topib, ularning har biriga ikki umrlik qamoq jazosini tayinladi. Bu haqdka Turkiyaning Haberler.com nashri xabar berdi.

Shov-shuvli qotillik joriy yil yanvar oyining oxirida sodir bo‘lgan. Ergashaliyevaning oilasi Istanbul politsiyasiga murojaat qilib, bir necha kundan beri qarindoshidan xabar olmaganini ma’lum qilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘zbekistonlik ayol muqaddam Hakimova o‘ldirilgani aniqlangan uyda yashaganini aniqlashgan. Kuzatuv kameralaridagi yozuvlarni sinchiklab o‘rgangan tergovchilar binodan katta axlat qoplari va chemodanlar bilan bir necha bor tashqariga chiqqan ikki nafar erkak shaxsini aniqlashgan. Keyinchalik gumonlanuvchilar shu tarzda qurbonlarining parchalangan jasadlarini olib chiqib, shaharning turli qismlaridagi chiqindi konteynerlariga tashlashgani ma’lum bo‘lgan.

Ko‘p o‘tmay politsiya Turkiyadan chiqib ketishga uringan ikki nafar o‘zbekistonlikni Istanbul aeroportida qo‘lga olgan.

Sudda Kamalxo‘jayev Ergashaliyeva bilan shao’iy nikohda bo‘lganini ma’lum qilgan. U ayolining xiyonatini bilib qolgach, o‘zini boshqara olmay qolgan va vatandoshini pichoq bilan o‘ldirgan. Ayblanuvchining so‘zlariga ko‘ra, u bu ishni yolg‘iz o‘zi amalga oshirgan.

Ertasi kuni uning do‘sti Turdimurotov o‘z sevgan qizi — Hakimova bilan janjallashib qolgan. Kamalxo‘jayev ularning yarashib olishlari uchun o‘z kvartirasiga kirishlariga ruxsat bergan. Keyinroq Turdimurotov undan og‘ir chemodanni pastga olib tushishda yordam berishini so‘ragan. Gumonlanuvchining ta’kidlashicha, u chemodan ichida nima borligini hatto bilmagan ham.

Turdimurotov esa, o‘z navbatida, Hakimova jasadini bo‘laklarga ajratganini, chunki o‘sha paytda o‘zini boshqara olmaganini ta’kidlagan. U qilmishidan pushaymon ekanini aytgan va eng og‘ir jazoga loyiqligini tan olgan.

Natijada sud O‘zbekistonning ikki fuqarosini og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirish va qiynoqlar qo‘llashda aybdor deb topib, har birini ikki umrlik qamoq jazosiga hukm qilgan. Bundan tashqari, migrantlarning har biriga inson o‘limi ortidan manfaat ko‘rish yo‘li bilan sodir etilgan o‘g‘rilik uchun yetti yildan qamoq jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, Turkiyada ikki nafar o‘zbekistonlik ayolning o‘ldirilishi jamoatchilikda katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi. Istanbul va Anqara shaharlarida minglab odamlar ishtirokida namoyishlar bo‘lib o‘tgan. Namoyishchilar «Erkaklar zo‘ravonligini to‘xtating», «O‘ldirilgan ayollar uchun adolat talab qilamiz» va «Migrant ayollar yolg‘iz emas» degan plakatlarni ko‘tarib chiqishgan.

«Ayollar endi sukut saqlamaydi» deya hayqirgan istanbulliklar o‘ldirilgan o‘zbekistonlik ayollardan birining jasadi topilgan joygacha yurish qilgan. Anqarada esa «Biz femitsidlarni to‘xtatamiz» platformasi tomonidan tashkil etilgan namoyish bo‘lib o‘tgan. Unda aybdorlarni qonun doirasida javobgarlikka tortish talab qilingan.