Qozog‘istonlik Yelena Ribakina US Open turnirida g‘olib chiqib, ilk bor WTA reytingida birinchi o‘rinni egalladi

Yelena Ribakina. championat.com sayti fotosurati

Qozog‘istonlik tennischi Yelena Ribakina AQSH Ochiq chempionatida g‘olib chiqib, faoliyatida ilk bor jahon reytingida birinchi o‘ringa ko‘tarildi.

US Open finalida 27 yoshli Ribakina musobaqada avvalgi ikki yilda g‘olib bo‘lgan belaruslik Arina Sobolenkoni mag‘lub etdi. Uchrashuv 6:4, 5:7, 6:2 hisobida yakunlandi.

Qozog‘iston vakili uchun bu «Katta dubulg‘a» turnirlaridagi uchinchi chempionlik bo‘ldi. Avvalroq u 2022 yilgi Uimbldon va 2026 yilgi Australian Open musobaqalarida g‘olib chiqqan edi. Shu tariqa, Ribakina joriy mavsumda ikkinchi bor «Katta dubulg‘a»ni qo‘lga kiritdi.

«Bu turnir qandaydir o‘ziga xos keskin o‘tdi. Chunki men reytingda birinchi o‘rin uchun kurashayotgan edim, bundan bir hafta oldin esa jarohat olgandim. Har bir kun o‘ziga xos sinov bo‘ldi, ammo bunday holatlar avval sodir bo‘lganidagiga qaraganda, bu vaziyatda o‘zimni ancha xotirjam his qildim», — dedi qozog‘istonlik tennischi.

Ribakina WTA tarixida jahon reytingida birinchi o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘lgan 30-tennischiga aylandi. Shuningdek, u nafaqat ayollar, balki erkaklar o‘rtasida ham Qozog‘istonning jahon reytingida birinchi o‘ringa ko‘tarilgan ilk vakili bo‘ldi.

Ribakina №1 bo‘lish huquqini US Open yarim finaliga chiqqanidan so‘ng, chorak finalda xitoylik Chjen Sinvenni mag‘lub etganda kafolatlagan edi.

Qayd etish joiz, avgust oyida Ribakina jahon reytingida birinchi o‘ringa chiqishga yaqin kelgandi. Sinsinnatidagi WTA 1000 turnirida Arina Sobolenko mag‘lub bo‘lganidan keyin, reyting peshqadamiga aylanish uchun unga finalga chiqishning o‘zi kifoya edi. Biroq, Iga Shvyontekka qarshi chorak final uchrashuvida qozog‘istonlik tennischi chap to‘pig‘idan olgan jarohati tufayli birinchi setda 1:4 hisobida o‘yinni davom ettirishdan bosh tortdi va bu imkoniyatni boy berdi.

Rossiya terma jamoasi tarkibida Yelena Ribakina 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi Yevropa jamoaviy chempionatida g‘olib bo‘lgan, shuningdek, yakkalik bahslarida WTA turkumidagi bir turnirda g‘olib chiqqandi. 2018 yil iyun oyida sportchi Qozog‘iston nomidan ishtirok etishga qaror qiladi. 2021 yilda Fransiya Ochiq chempionatida chorak finalgacha yetib borgan. 2022 yilda Uimbldonda g‘olib bo‘ldi. 2023 yilda esa jahonning eng kuchli uch tennischisi qatoriga kirgan Qozog‘istonning birinchi vakiliga aylangandi.