RPCH sobiq ruhoniysi Voronsovga qo‘yilgan ayblovlardan giyohvand moddalar iste’moli uchun joy tashkil etish moddasi olib tashlandi

Iakov Voronsov. Facebookdagi fotosurat

Sobiq pravoslav ruhoniysi Iakov Voronsovga yangi ayblov akti topshirildi. Undan giyohvand moddalar iste’mol qilinadigan joyni tashkil etish yoki saqlash haqidagi ayblov (Qozog‘iston Jinoyat kodeksi 302-moddasi 1-qismi) olib tashlangan. Bu haqda uning advokati G‘alim Nurpeisov ma’lum qildi, deb xabar beradi Respublika.kz.

Shunday qilib, Voronsovga ilgari qo‘yilgan ayblovlardan, taxminlarga ko‘ra, Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 296-moddasi 4-qismi, ya’ni — giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini sotish maqsadisiz, o‘ta yirik miqdorda noqonuniy ravishda tayyorlash, qayta ishlash, sotib olish, saqlash yoki tashish qolgan.

«Hozircha boshqa ma’lumot yo‘q», — deya qo‘shimcha qilаdi advokat.

Iyeromonax Iakov Voronsov Qozog‘istonda ochiqdan-ochiq urushga qarshi pozitsiyasi bilan tanilgan. U Rossiyaning Ukrainaga bosqinini ochiq tanqid qilgan, Rus pravoslav cherkovi rahbariyati siyosatiga qarshi chiqqan hamda Qozog‘istonda Moskva patriarxatidan mustaqil pravoslav jamoasini ro‘yxatdan o‘tkazishga uringan.

O‘z pozitsiyasi tufayli Voronsov ruhoniylik unvonidan mahrum etilgan. 13 fevralga o‘tar kechasi u qo‘lga olingan. Olmaota ma’muriy sudi iyeromonaxni giyohvand moddalarni tibbiy maqsadlarsiz iste’mol qilishda aybdor deb topib, 10 sutkalik qamoq jazosini tayinlagan. Keyinroq ruhoniyga giyohvand moddalar iste’mol qilinadigan joyni saqlash hamda giyohvand moddalarni sotish maqsadisiz saqlash haqidagi moddalar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan, 25 fevral kuni esa tergov sudi uni yana hibsga olgan. Iakov ota o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etgan va ishni soxtalashtirilgan deb atagan.

13 may kuni tergovchi Voronsovga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgartirib, uni ixtisoslashtirilgan psixiatriya muassasasiga joylashtirishni so‘ragan. Advokati G‘alim Nurpeisovning so‘zlariga ko‘ra, himoya tomoni psixiatriya ekspertizasini o‘tkazishdan bosh tortgan, biroq shunga qaramay, Voronsov majburiy davolanishga yuborilgan. Uning psixiatriya shifoxonasidan SIZOga qaytarilgani13 iyul kuni ma’lum bo‘lgan.

«Shifokorlar unda hech qanday ruhiy buzilishlarni aniqlamadi va sog‘lom insonni aslida yo‘q kasallikdan davolashdan bosh tortishdi», — deya bayonot bergan edi o‘shanda Qozog‘istondagi Inson huquqlari va qonun ustuvorligi byurosi.

Voronsov ishi bo‘yicha tergov yoz oxirida yakunlangan. Sud muhokamasi o‘tgan hafta boshlanishi kerak edi, biroq sud majlisi bekor qilindi. Sudning yangi sanasi hozircha ma’lum emas.