Afg‘oniston hukumati Saudiyaning Delta International Energy kompaniyasi bilan Afg‘onistonning Hirot viloyatida neft va gaz qidirish hamda qazib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi, deb xabar beradi Arab News nashri. 7 sentyabr kuni Konchilik sanoati va neft vaziri Hidoyatulla Badriy hamda Delta kompaniyasi rahbari Shoher al-Takiy imzolagan kelishuv mamlakat g‘arbida, Hirot va Badg‘is viloyatlari o‘rtasida joylashgan, maydoni qariyb 22 ming kvadrat kilometr bo‘lgan Kushk–Tirpul havzasidagi yettita blokni qamrab oladi.
Saudiya tomonining dastlabki investitsiyalari 200 million dollarga baholanmoqda. Shartnoma muddati 25 yilni tashkil etadi, qidiruv ishlari esa sakkiz yilgacha davom etishi kerak. Badriyning so‘zlariga ko‘ra, ushbu konda neft va gaz qazib olish Afg‘onistonning energetik jihatdan o‘zini o‘zi ta’minlashiga imkon beradi.
Kobuldagi imzolash marosimida Bosh vazirning iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari mulla Abdul G‘ani Barodar va AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha sobiq maxsus vakili Zalmay Xalilzod ishtirok etdi. Xalilzod kelishuvni mamlakat «biznes uchun tayyor» ekanining belgisi sifatida baholadi.
Kompaniya, shuningdek, gazdan Hirot viloyati ehtiyojlari uchun foydalanish imkoniyatini o‘rganishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, Hirotdan Qandahor viloyatidagi Spin-Boldak hududigacha uzunligi qariyb 700 kilometr bo‘lgan, qiymati taxminan 10 milliard dollarlik gaz quvurini qurish rejalari ham bor. Biroq Delta kompaniyasining baholashiga ko‘ra, bu keng ko‘lamli rejalar qidiruv ishlari natijalariga bog‘liq bo‘lib, hozircha dastlabki kelishuvlar darajasida qolmoqda.
Bu kelishuv Hirot viloyati iqtisodiyotiga mablag‘lar oqimi haqidagi yangiliklarning biri bo‘ldi. Mahalliy hokimiyat ma’lum qilishicha, so‘nggi besh yilning o‘zida bu yerda umumiy qiymati 5,6 milliard dollardan ortiq bo‘lgan loyihalar amalga oshirilgan yoki ishga tushirilgan. Bu haqda afg‘onistonlik Pajhwok Afghan News nashri viloyat gubernatori matbuot kotibi Muftiy Yusuf Saidiyga tayanib xabar berdi.
Loyihalarning eng yirigi — Goryon hududidagi temir rudasi konini o‘zlashtirish bo‘lib, uning qiymati taxminan 5,5 milliard dollarga baholanmoqda. Shu hududning o‘zida «Rozanak» konida temir rudasi qazib olish ishlari olib borilmoqda va suv ta’minoti tarmog‘i yaratilmoqda.
Pashtun-Zarg‘un hududida «Todiy» temir rudasi konini o‘zlashtirishga qariyb 140 million dollar investitsiya kiritilmoqda. Adraskan hududida esa qo‘rg‘oshin va rux qazib olish boshlangan.
Boshqa loyihalar qatorida yo‘llar qurilishi, Karux hududidagi «Pashdan» to‘g‘oni, Zindajonda yangi terminal va temir yo‘l liniyasi qurilishi, shuningdek, chegaradagi Islom-Qal’a portida yuzlab infratuzilma obyektlarini barpo etish bor. Saidiyning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyihalarning yakunlanishi iqtisodiy o‘sishni jadallashtirishi va yangi ish o‘rinlari yaratishi kerak.
☝️ Tolibonlar nazoratidagi Afg‘oniston investitsiyalar taqchilligi keskin sezilayotgan va yoqilg‘i importiga qaram bo‘lgan mamlakat sifatida foydali qazilmalarni o‘zlashtirish sohasiga xorijiy, avvalo Saudiya va Xitoy kapitalini jalb qilishga tobora ko‘proq urinmoqda. Bu davlat budjeti daromadlarining mavjud bo‘lgan kam sonli manbalaridan biridir.



