Toshkentda Fransiya Ichki ishlar vazirligi vakili Siril Gu o‘z faoliyatini boshladi. U Markaziy Osiyo davlatlarining huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun mas’ul etib tayinlangan. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
17 sentyabr kuni Gu O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Xalqaro hamkorlik boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashdi. Tomonlar xodimlar malakasini oshirish, tajriba almashish va yuqori darajadagi tashriflarni tashkil etish masalalarini muhokama qildi.
Fransiya elchixonasi Gazeta.uz'ga aniqlik kiritishicha, Gu Markaziy Osiyoda ichki xavfsizlik masalalari bo‘yicha yagona fransuz attashesi hisoblanadi. Attashe Toshkentda faoliyat yuritadi va uning mas’uliyat doirasiga O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Turkmaniston kiradi.
Ushbu lavozim 2025 yilda O‘zbekiston va Fransiya prezidentlarining uchrashuvlari yakunlari bo‘yicha, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi texnik hamkorlikni kengaytirish doirasida ta’sis etilgan.
Fransiya Ichki ishlar vazirligi vakili huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini tayyorlash, uyushgan va kiberjinoyatchilikka, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga, terrorizm va noqonuniy migratsiya tarmoqlariga qarshi kurashish bilan shug‘ullanadi. Uning faoliyat yo‘nalishlari qatoriga chegara xavfsizligi, fuqarolarni himoya qilish hamda yuqori lavozimli shaxslarni qo‘riqlash masalalari ham kiradi.
Elchixona ma’lum qilishicha, Fransiya va O‘zbekiston ushbu sohalarda allaqachon hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, politsiya akademiyalari o‘rtasida tajriba almashish, fuqarolarni himoya qilish, yo‘l harakati xavfsizligi, giyohvandlik vositalari va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohalarida hamkorlik rivojlantirilmoqda.
O‘zbekiston va Fransiya strategik sheriklik munosabatlarini 2025 yil mart oyida o‘rnatgan. Qo‘shma deklaratsiyada mamlakatlar xavfsizlik sohasida, jumladan, uyushgan jinoyatchilik, giyohvandlik vositalari, noqonuniy qurol-yarog‘ va odam savdosi, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, kuch ishlatar tuzilmalari o‘rtasida axborot almashinuvi va mutaxassislarni birgalikda tayyorlashni kengaytirishga kelishib olgan.
Shu yil aprel oyida O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Aziz Tashpo‘latov Fransiya prezidentining maslahatchisi, razvedka va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha milliy koordinator Paskal Mayos bilan uchrashdi. Tomonlar terrorizm va ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, odam savdosi hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish masalalarini muhokama qildi. 2026 yil may oyida Tashpo‘latov va Fransiya elchisi Valid Fuk ikki mamlakat ichki ishlar vazirliklari tizimidagi ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni va tor ixtisoslikdagi mutaxassislarni tayyorlashni rivojlantirishga kelishib oldi.
Avvalroq O‘zbekiston shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish mezoni mamlakatdagi darajaga mos bo‘lgan 49 ta davlat va hudud ro‘yxatini tasdiqlagan edi. Ro‘yxatdan Fransiya ham o‘rin olgan. Shaxsiy ma’lumotlar ushbu ro‘yxatga kiritilgan davlatlarga xalqaro kelishuvlar asosida tashkil etilgan axborot tizimlari orqali qo‘shimcha ruxsat olish yoki vakolatli organni xabardor qilish talab etilmagan holda uzatilishi mumkin.



