Hindiston mudofaa mahkamasining sobiq rahbari Turkmaniston va Tojikistonga Akash zenit-raketa majmualarini yetkazib berilganini ma’lum qildi

Hindiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati fotosurati

Hindiston Mudofaa tadqiqotlari va ishlanmalari tashkilotining (DRDO) sobiq rahbari Samir Kamat jurnalistlarga Hindiston Turkmaniston va Tojikistonga Akash zenit-raketa majmualarini eksport qilganini ma’lum qildi. Sobiq amaldorning so‘zlariga ko‘ra, bu Markaziy Osiyo davlatlari bilan tuzilgan birinchi shunday bitim bo‘lgan, deb xabar beradi Savunmasanayist.com.

Kamat Markaziy Osiyo respublikalariga yetkazib berilgan ZRKlar soni, ularning konfiguratsiyasi va shartnomalar qiymati haqida ma’lumot bermagan. Shuningdek, u avval ushbu turdagi Hindiston qurol-yarog‘ining yagona xorijiy xaridori Armaniston bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

Shundan so‘ng Yerevan ZRKning boshqa varianti — Akash Mk 1Sni xarid qilish bo‘yicha kelishuv tuzgan. Ularni buyurtmachiga yetkazib berish 2024 yil oxirida boshlanishi kerak bo‘lgan. DRDO sobiq rahbarining fikricha, aynan ushbu shartnoma Hindistonning yangi sotuv bozorlariga chiqishi uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lgan.

Bundan tashqari, joriy yil avgust oyida Turkmaniston va Tojikiston Akash Mk 1Sni xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida xabar berilgan edi. Biroq, tomonlarning hech biri bitim tuzilgani haqida rasmiy ma’lumot bermagan.

Akash — samolyotlar, vertolyotlar, uchuvchisiz uchish apparatlari va qanotli raketalarni tutib qolish uchun mo‘ljallangan o‘rta masofali zenit-raketa majmuasi hisoblanadi. Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, bitta ZRKning o‘rtacha qiymati 48 million dollarni tashkil etadi.

Mk 1S modifikatsiyasi havo nishonlarini urib tushiradigan raketalarda takomillashtirilgan o‘zini o‘zi nishonga yo‘naltirish texnologiyasi qo‘llanilishi bilan farq qiladi. Yangilangan tizim manyovr qilayotgan nishonlarga raketalarning aniq zarba berishini oshirish va o‘q-dorining radioelektron xalaqitlarga chidamliligini avvalgi konfiguratsiyadagi ZRK xususiyatlariga nisbatan yaxshilashga qaratilgan.

Qurollanishning zamonaviy variantida Rajendra AESA radiolokatori qo‘llaniladi. U nishonlarni 80 kmgacha bo‘lgan masofadan aniqlab, 60 kmgacha bo‘lgan masofada va 18 kmgacha balandlikda kuzatib, ularni yo‘q qila oladi. Shu bilan birga, Akash raketasining uchish masofasi 25–45 km, tezligi esa 2,5 Maxgacha yetadi. U 60 kilogrammlik parchalanuvchi-fugasli jangovar kallak bilan jihozlanishi mumkin.

Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, Turkmaniston va Tojikiston katta darajada sovet va Rossiya ishlab chiqarishidagi eskirgan zenit artilleriyasiga, jumladan, S-125, «Buk» va S-300 majmualariga tayanadi. Shu bois hujumkor qurol-yarog‘, xususan, havo texnikasi va uzoq masofali raketalar rivojlanib borayotgani sababli, har ikki davlat mudofaa tizimlari yetkazib beruvchilarini diversifikatsiya qilishga majbur bo‘lgan.