Turkmaniston Eron aviakompaniyasiga o‘z havo hududi orqali parvoz qilishga ruxsat bermadi

planespotters.net sayti fotosurati

Turkmaniston hukumati Eronning Varesh Airlines aviakompaniyasi samolyotiga o‘z havo hududi orqali parvoz qilishga ruxsat bermadi. Tehrondan Dushanbe shahriga yo‘l olgan samolyot orqaga qaytishga va Eronga qaytib borishga majbur bo‘lgan. Bu haqda «Aziya-plyus» xabar berdi.

Hodisa 24 sentyabr kuni sodir bo‘lgan. Flightradar24 ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot 1 soat 8 daqiqa davomida havoda bo‘lgan. Turkmaniston aviatsiya hukumati tomonidan ruxsat berilmaganidan so‘ng layner Imom Xomayniy nomidagi aeroportga qaytgan. Shundan so‘ng u o‘zgartirilgan yo‘nalish bo‘yicha, Ozarbayjon va Qozog‘iston havo hududlari orqali Dushanbe shahriga uchib ketgan. Layner Tojikiston poytaxtiga mahalliy vaqt bilan soat 23:45 da qo‘ngan, 01:00 da esa xuddi shu yo‘nalish bo‘yicha Tehronga qaytib uchgan.

Dushanbedagi Varesh Airlines vakolatxonasi «Aziya-Plyus» nashriga ma’lum qilishicha, aviakompaniya Turkmaniston hukumati tomonidan mamlakat havo hududidan foydalanish uchun berilgan ruxsatnomaga ega bo‘lgan. Kompaniya parvozga ruxsat berilmaganini AQSH tomonidan Eronga nisbatan yaqinda joriy etilgan sanksiyalar bilan bog‘lagan.

Avvalroq AQSH Moliya vaziri Skott Bessent Nyu-Yorkda CNBC telekanali efirida 23 sentyabrdan boshlab barcha Eron aviakompaniyalari aviatsiya xizmatlari ko‘rsatuvchilarga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar qo‘llanishi tahdidi ostida o‘z faoliyatini to‘xtatishini aytgan edi.

«23 sentyabrdan boshlab barcha Eron aviakompaniyalari dunyo bo‘ylab o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Bu qanday amalga oshiriladi? Agar ular qo‘nsa, siz ularga yoqilg‘i quyib bera olmaysiz, qo‘nish xizmatlarini ko‘rsata olmaysiz, ularga chipta sota olmaysiz — aks holda siz dollar tizimidan chiqarib yuborilasiz», — dedi Bessent.

O‘z navbatida, Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Muhsen Rizoiy qo‘shni davlatlarni Eron aviareyslarini cheklashga qaratilgan AQSH bilan hamkorlik qilish mumkin emasligi haqida ogohlantirdi. Uning ta’kidlashicha, Tehron bunday hamkorlikni javobsiz qoldirmaydi.