O‘zbekiston terma jamoasi 14 yil ichida ilk bor Eronni asosiy vaqtda mag‘lub etdi

O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari. O‘FA fotosurati

O‘zbekiston futbol terma jamoasi 24 sentyabr kuni Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvida Eron terma jamoasini 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Har ikki jamoa uchun bu 2026 yilgi jahon chempionatidan keyingi ilk uchrashuv bo‘lib, ular Osiyo kubogi-2027ga tayyorganlikning boshlanishi edi.

Mezbonlar 10-daqiqada hisobni ochdi. O‘zbekiston terma jamoasi kapitani Eldor Shomurodov Eron himoyasidagi xatodan foydalanib, Alireza Beyranvand darvozasini ishg‘ol qildi. O‘zbekiston jamoasi Fabio Kannavaro boshchiligida 1:0 hisobida oldinda borgan holda tanaffusga chiqdi.

49-daqiqada Eron hisobni tenglashtirdi: standart vaziyatdan uzatilgan to‘pni Jahongir O‘rozov o‘z darvozasiga burib yubordi. Biroq 58-daqiqadayoq Shomurodov penaltini aniq amalga oshirib, dubl qayd etdi. Qo‘shib berilgan vaqtda zaxiradan maydonga tushgan Husayn Norchayev yakuniy hisobni — 3:1 qilib belgiladi.

Sentyabr yig‘iniga Kannavaro milliy terma jamoa safida muntazam o‘ynab kelgan bir qator futbolchilarni, jumladan, Oston O‘runov, Igor Sergeyev, Rustam Ashurmatov, Jaloliddin Masharipov va Farrux Sayfiyevni chaqirmadi. Jahon chempionatida ishtirok etgan ayrim futbolchilarning yo‘qligi o‘yinoldi matbuot anjumanining asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Italiyalik mutaxassis jurnalistlarga terma jamoa eshiklari barcha futbolchilar uchun ochiqligini aytdi va ayrim futbolchilarning chaqirilmaganini jarohat yoki sport formasining pasayishi bilan izohladi.

Shu bilan birga, Eronga qarshi o‘yinda Kannavaro bir nechta asosiy futbolchilarni tarkibda saqlab qoldi. Uchrashuvni dastlabki daqiqalardan «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanov, Abbosbek Fayzullayev va jamoani kapitanlik bog‘ichi bilan maydonga boshlab tushgan Shomurodov boshladi. Darvozada esa so‘nggi yillarda asosiy darvozabon bo‘lib kelgan O‘tkir Yusupov o‘rniga Vladimir Nazarov harakat qildi.

Eron esa o‘zining asosiy futbolchilaridan birini terma jamoaga qaytardi. Azmun jahon chempionatida ishtirok etmagan edi, garchi u 57 ta gol bilan Eron terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar qatoriga kirsa ham. Eronning rasmiy manbalari uning yo‘qligini jarohat bilan izohlagan, OAV esa bu qarorni futbolchi Eronning AQSH va Isroil bilan mojarosi davrida Dubay hokimi bilan tushgan suratni e’lon qilgani atrofidagi mojaro bilan ham bog‘lagan. Terma jamoaga qaytishidan oldin Azmun hech kimdan xafa emasligini va yana milliy jamoa safida o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lganidan xursandligini aytdi. U ikkinchi bo‘limda kapitanlik bog‘ichi bilan maydonga tushdi.

Farg‘onadagi ustunlik O‘zbekiston uchun Eron ustidan asosiy vaqtdagi 14 yil ichidagi birinchi g‘alaba bo‘ldi. O‘zbekistonliklar bu raqibni 90 daqiqa davomida so‘nggi marta 2012 yil 14 noyabr kuni mag‘lub etgan — jahon chempionati saralash bosqichida Tehronda 1:0 hisobida g‘alaba qozongan edi.

Shundan keyin O‘zbekiston Eronni turnir doirasidagi ikki uchrashuvda yana mag‘lub etdi, ammo har ikki safar ham buning uchun asosiy vaqtning o‘zi yetarli bo‘lmadi: 2025 yildagi CAFA Millatlar kubogi finalida hal qiluvchi gol qo‘shimcha vaqtda urilgan, keyinchalik o‘sha yili o‘zbekistonliklar penaltilar seriyasida g‘alaba qozongandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston terma jamoasi tarixda birinchi marta Eronga qarshi bir o‘yinda uchta gol urdi. Avvalgi o‘zaro uchrashuvlarda esa eng yuqori natija ikkita gol edi.

Kannavaro shogirdlari navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvlarini 1 oktyabr kuni Suriyaga qarshi va 6 oktyabr kuni Janubiy Koreyaga qarshi o‘tkazadi. Eron esa 29 sentyabr kuni Rossiya bilan o‘ynaydi.