Qozog‘istonlik yengil atletikachi krossovkasi sabab Osiyo o‘yinlaridagi «oltin» medalidan mahrum qilindi

Yasmina Toksanbayeva. Kazinform fotosurati

Yaponiyada o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarida marafon sport yurishi musobaqasida birinchi bo‘lib marraga yetib kelgan qozog‘istonlik yengil atletikachi Yasmina Toksanbayevaning natijasi sportchi foydalangan poyabzali bo‘yicha bildirilgan protestdan so‘ng bekor qilindi. Bu haqda 28 sentyabr kuni Kazinform sportchining o‘ziga tayanib xabar berdi.

Toksanbayeva 27 sentyabr kuni 42,195 kilometr masofani birinchi bo‘lib bosib o‘tib, 3 soat 22 daqiqa 20 soniya natija qayd etgan. U 3:26:09 natija bilan marraga yetgan xitoylik Danszen Syuyszundan qariyb to‘rt daqiqa oldin kelgan. Uchinchi o‘rinni yana bir xitoylik sportchi Ma Li egallagan — 3:32:26.

Musobaqalar yakunlanganidan so‘ng qozog‘istonlik sportchining natijasi bo‘yicha protest berildi. Qozog‘iston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ma’lum qilishicha, protest Toksanbayeva kiyagan krossovkaning World Athletics talablariga muvofiqligiga taalluqli bo‘lgan. Tekshiruv yakunlanguniga qadar uning g‘olibligi Osiyo o‘yinlarining rasmiy medallar jadvalida hisobga olinmagan.

Keyinroq Toksanbayeva o‘z natijasi bekor qilinganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, material e’lon qilingan paytda Osiyo o‘yinlari tashkilotchilarining diskvalifikatsiya sabablari batafsil ko‘rsatilgan rasmiy qarori ochiq manbalarda paydo bo‘lmagan.

Toksanbayeva medalidan mahrum bo‘lganiga qaramay, Qozog‘iston Osiyo o‘yinlarining medallar jadvalida peshqadamlar qatoridan joy olgan. 28 sentyabr ertalabki ma’lumotlarga ko‘ra, qozog‘istonlik sportchilar 42 ta medal — 9 ta oltin, 10 ta kumush va 23 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan. Bu natija bilan terma jamoa umumiy hisobda beshinchi o‘rinda turgan.

Qozog‘istondan yuqorida O‘zbekiston joylashgan bo‘lib, 10 ta oltin, 17 ta kumush va 12 ta bronza medali bilan to‘rtinchi o‘rinni egallagan. O‘zbekistonlik sportchilar jami 39 ta medalni qo‘lga kiritgan.

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga kelsak, Tojikiston 2 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medali bilan Qatar bilan 17-o‘rinni bo‘lishib turgan. Qirg‘izistonda 4 ta medal — 1 ta kumush va 3 ta bronza bo‘lib, bu 25-o‘ringa mos kelgan. Turkmaniston 1 ta kumush medalini qo‘lga kiritib, BAA va Shri-Lanka bilan 30-o‘rinni bo‘lishgan.

Medallar jadvalida Xitoy yetakchilik qilmoqda, undan keyin Yaponiya va Janubiy Koreya bormoqda. Shu tariqa, Markaziy Osiyoning ikki terma jamoasi — O‘zbekiston va Qozog‘iston — Osiyo o‘yinlarining kuchli beshligiga kirgan.

XX yozgi Osiyo o‘yinlari Yaponiyaning Ayti prefekturasi va Nagoya shahrida 19 sentyabrdan 4 oktyabrga qadar bo‘lib o‘tadi.