Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Ukrainadagi harbiy harakatlarni muzlatib, muzokaralarga o‘tish zarur, deb hisoblashini ma’lum qildi. Bu haqda u Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan o‘tkazgan matbuot anjumanida aytdi, deb xabar beradi Oqo‘rda.
«Albatta, Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealardan barchamiz xavotirdamiz. Men boshidanoq Qozog‘iston Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavi qoidalariga amal qilishini ta’kidlab kelganman. Biz barcha davlatlarning hududiy yaxlitligi tamoyili hurmat qilinishi va saqlanishini talab qilamiz. Biz boshidanoq ukrain xalqi, uning tarixi, madaniyati, an’analari va, albatta, ukrain tiliga katta hurmat bilan munosabatda ekanimizni aytganmiz. Men urushni zudlik bilan to‘xtatish kerak, deb aytmaganman. Bugungi sharoitda bu, ehtimol, real emasligini tushunaman. Men Ukraina hududidagi harbiy harakatlarni muzlatish va shu orqali diplomatik yoki boshqa turdagi muzokaralar jarayoniga o‘tish haqida gapiryapman», — dedi To‘qayev ARD telekanali muxbiri Demian fon Ostenning savoliga javob berarkan. Jurnalist Qozog‘iston rahbaridan Omskda bildirgan urushni muzlatish zarurligi haqidagi bayonotiga izoh berishni, shuningdek, Rossiyadagi joriy vaziyatga baho berishni so‘ragan edi.
Savolning ikkinchi qismiga javob berar ekan, To‘qayev shunday dedi: «Bugun men yetarlicha qat’iy ishonch bilan aytamanki, prezident Putin davlat arbobi, Rossiya rahbari sifatida — bu sizga, ehtimol, g‘alati eshitilishi mumkin — Markaziy Osiyo, jumladan, Qozog‘iston uchun ham, Yevropa va butun dunyo uchun ham eng maqbul siyosiy shaxsdir. Men uni juda yaxshi bilaman. U murakkab tarixga ega, strategik maqsadlarni o‘zicha anglaydigan ulkan davlat rahbari uchun zarur bo‘lgan eng muhim fazilatlarga ega».
To‘qayevning ushbu iqtibosi uning matbuot xizmati tomonidan aynan shu shaklda keltirilgan. Shu bilan birga, Rossiyaning TASS axborot agentligi To‘qayev Putinni «aytish mumkinki, buyuk davlat arbobi» deb ataganini qo‘shimcha qiladi.
Qozog‘istonning «Qazinform» davlat axborot agentligi To‘qayevning o‘sha matbuot anjumanida aytgan yana bir fikrini keltirgan. Unda prezident Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi 7597 kilometrlik chegara, shuningdek, respublika hududida 2,7 million nafar rus millatiga mansub fuqaro istiqomat qilishi va pravoslav cherkovi keng faoliyat yuritayotganini eslatgan.
«Shuning uchun ushbu jihatlarning barchasini hisobga olish kerak. Shoshma-shosharlik bilan keskin qarorlar qabul qilib bo‘lmaydi. Qozog‘istonga tinchlik va barqarorlik kerak. Busiz biz hech qachon muvaffaqiyatli mamlakat bo‘la olmaymiz. Hozirda biz o‘z taraqqiyotimizda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishmoqdamiz. Raqamlar bu oldinga siljishni yetarlicha ishonarli ko‘rsatib turibdi. Shuning uchun men prezident sifatida mamlakatimda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, shuningdek, Qozog‘iston bilan qo‘shni hududda tinchlikka erishish va urushni to‘xtatishga qo‘limdan kelganicha hissa qo‘shish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solaman», — deya xulosa qiladi u.
Ilgari ham To‘qayev Ukrainadagi harbiy harakatlarni muzlatishni taklif qilgan edi. U bu haqda iyul oyi oxirida Omskda Putin bilan uchrashuvi chog‘ida gapirgandi. Bunga javoban Rossiya rahbari unga harbiy operatsiyaning borishi haqida batafsil ma’lumot bergan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Putin Kiyev pozitsiyasini hisobga olgan holda, «amalda muzlatishning iloji yo‘q»ligini ham ta’kidlagan.



