Turkmaniston Xitoyda ishlab chiqarilgan FK-2000 zenit-raketa majmualarini qurolli kuchlariga qabul qildi. Ular mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirishga mo‘ljallangan. Zenit-raketa majmualari 27 sentyabr kuni Ashxobodda bo‘lib o‘tgan paradda namoyish etildi. Bu haqda www1.ru Military Watch Magazine nashriga tayanib xabar berdi.
Turkman armiyasi yangi havo mudofaasi vositalarini ilk bor namoyish qildi. Kolonna tarkibida Xitoyda ishlab chiqarilgan boshqa ZRKlar — FM-90, KS-1A va FD-2000 ham ko‘rindi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, yangi majmuaning paydo bo‘lishi Turkmaniston Rossiya qurol-yarog‘idan asta-sekin voz kechib, Xitoyda ishlab chiqarilgan muqobil vositalarga o‘tayotganidan dalolat beradi. Agar 2016 yilgi paradda asosan sovet va modernizatsiya qilingan sovet texnikasi, xususan, «Osa», «Pechora-2M», 2BM va S-200V majmualari namoyish etilgan bo‘lsa, hozir Markaziy Osiyoning ushbu respublikasi havo mudofaasi qalqoni asosan «xitoyliklar»dan shakllangan, deb aytish mumkin.
FK-2000 ZRK qisqa masofaga mo‘ljallangan havo mudofaasi vositasi hisoblanadi va uzoq masofaga ta’sir qiluvchi S-200dan vazifasi jihatidan farq qiladi. Jumladan, Xitoyning ushbu yangi majmuasi 8×8 g‘ildirakli shassiga o‘rnatilgan mobil tizim bo‘lib, radiolokatsion va optik-elektron jihozlarni birlashtiradi. Majmua tarkibiga, shuningdek, 12 ta zenit raketa va 2 ta olti stvolli 30 mm avtomatik to‘p kiradi.
E’lon qilingan texnik xususiyatlarga ko‘ra, mazkur ZRK raketalari 25 kmgacha bo‘lgan masofadagi havo nishonlarini, qanotli raketalar va yuqori aniqlikdagi zarba berish vositalarini esa 10 kmgacha bo‘lgan masofada yo‘q qilishga mo‘ljallangan. Shuning uchun FK-2000 Rossiyaning 300 kmgacha bo‘lgan masofadagi obyektlarni yo‘q qila oladigan S-200 majmuasining to‘g‘ridan to‘g‘ri analogi, deb bo‘lmaydi. Xitoy majmuasi havo mudofaasining boshqa eshelonidagi vazifalarni bajarish uchun mo‘ljallangan.
Qayd etilishicha, havo mudofaasi yangilanayotganiga qaramay, Turkmaniston armiyasi hozircha sovet davrida ishlab chiqarilgan harbiy aviatsiyani saqlab qolmoqda. Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, respublika Harbiy-havo kuchlari tarkibida 24 ta MiG-29 va 25 ta Su-25 samolyoti bor.
Ekspertlar fikricha, texnika modernizatsiyasining keyingi bosqichi yuqorida qayd etilgan qiruvchi samolyotlarni Xitoyda ishlab chiqarilgan samolyotlarga almashtirish bo‘lishi mumkin. Bunday shartnomalar tuzilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar yo‘q, shuning uchun hozircha bu faqat taxminlardan iborat.
OAVda, shuningdek, Ashxoboddagi paradda turkman askarlari yangi M7 qurollari bilan, bronetexnikada esa zamonaviy M250 pulemyotlari o‘rnatilgan holda ko‘rilgani haqida yozilgan. Ushbu qurol-yarog‘ turlari AQSHda ishlab chiqariladi va NATO davlatlari armiyalarida keng qo‘llanadi.



