Qozog‘iston Qashag‘an operatoridan 5 milliard dollar undirishni qayta boshladi

ncoc.kz sayti fotosurati

Qozog‘iston hukumati Qashagan konidagi operator — NCOC kompaniyasidan 2,3 trillion tenge (taxminan 5 milliard dollar) miqdoridagi ekologik jarimani undirishni qayta boshladi. Bu haqda Kazinform xabar berdi. Nashr ma’lumotlarini ijro ishi yurituvchi organlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimi ma’lumotlariga asoslagan.

Gap Qozog‘iston hukumati tomonidan 2023 yilda NCOC kompaniyasiga konda oltingugurtni saqlashning ruxsat etilgan hajmlaridan oshirib yuborilgani uchun solingan jarima haqida bormoqda. Konsorsium unga qo‘yilgan da’volarni tan olmagan va 5 milliard dollarlik jarimani to‘lashdan bosh tortgan. Shuningdek, kompaniya jarimaga xalqaro arbitrajda e’tiroz bildirgan.

Joriy yil iyul oyida UNCITRAL arbitraj tribunali ish ko‘rib chiqilishi yakunlanguniga qadar Qozog‘istonga majburiy undirish choralarini qo‘llashni taqiqlovchi ta’minlov chorasi haqida qaror chiqargandi. Biroq, respublika Adliya vazirligi jarima qonuniy ekanini va milliy sudlar qarorlari bilan tasdiqlanganini ma’lum qilgan. Iyul oyi oxirida respublika hukumati North Caspian Operating Company kompaniyasining mol-mulki va transport vositalariga xatlov qo‘ygan.

Biroq, 7 sentyabr kuni konsorsiumga nisbatan ijro ishi to‘xtatilgan. O‘shanda Adliya vazirligi tushuntirishicha, bu NCOC tomonidan davlat sud ijrochisining harakatlari ustidan shikoyat qilingani bilan bog‘liq vaqtinchalik chora bo‘lgan.

NCOC tomonidan o‘zlashtirilayotgan Qashag‘an koni so‘nggi o‘n yilliklarda dunyoda ochilgan eng yirik neft konlaridan biri hisoblanadi. Unda tijoriy neft qazib olish 2016 yildan boshlangan.

Hozirgi vaqtda konning o‘zlashtirilgan sharqiy qismida sutkasiga qariyb 450 ming barrel neft qazib olinmoqda. NCOC joriy yilda ishlab chiqarish hajmini taxminan 500 ming barrelga, 2031 yilga kelib esa sutkasiga 710 ming barrelga yetkazishni rejalashtirmoqda.

North Caspian Operating Company konsorsiumi tarkibiga Shell, Eni, TotalEnergies, ExxonMobil, CNPC, Inpex va «QazMunayGaz» milliy kompaniyasi kiradi.

Ekologik nizo Qozog‘iston hukumati va Qashag‘an operatori o‘rtasidagi kengroq ko‘lamdagi nizolarning bir qismi hisoblanadi. Respublika hukumati so‘nggi yillarda konni o‘zlashtirish uchun asos bo‘lgan mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim shartlarini qayta ko‘rib chiqishga erishishga harakat qilmoqda. Bunda loyihani amalga oshirish jarayonida ehtimoliy qoidabuzarliklar, korrupsiya va ekologik zarar yetkazilgani haqidagi da’volar asos qilib keltirilmoqda.