2026 yil avgust oyida Rossiyadan Qozog‘istonga jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari hajmi qariyb 12 barobarga kamayib, 239 million tengeni (taxminan 539 ming dollar) tashkil etdi. Bu haqda RBK Qozog‘iston Milliy banki statistikasiga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, teskari yo‘nalishda — Qozog‘istondan Rossiyaga pul o‘tkazmalari ham 14 barobardan ko‘proqqa kamayib, 1,2 milliard tengega (2,7 million dollar) tushgan.
Pul o‘tkazmalari hajmining keskin pasayishi Yevropa Ittifoqi tomonidan «Zolotaya korona» to‘lov tizimiga qarshi sanksiyalar joriy etilganidan so‘ng kuzatilgan.
Sanksiyalar joriy etilgunga qadar Rossiya Qozog‘istondan va Qozog‘istonga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda bo‘lgan. Hozir esa boshqa mamlakatlar orasida ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha mos ravishda beshinchi va to‘qqizinchi o‘rinlarga tushib qolgan.
Umuman olganda, avgust oyida Qozog‘istondan xorijga pul o‘tkazmalari hajmi 28 milliard tengeni (63 million dollar) tashkil etib, iyul oyiga nisbatan ikki barobarga kamaygan. Bunday operatsiyalar soni 65,4 foizga qisqarib, 43,7 mingtani tashkil qilgan.
Birinchi kredit byurosi ma’lum qilishicha, inflyatsiyani hisobga olganda, avgust oyidagi ko‘rsatkich 2016 yil yanvaridan buyon eng past daraja bo‘lgan. Bunga asosan Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari hajmining kamayishi ta’sir ko‘rsatgan.
Yevropa Ittifoqi 2026 yil iyul oyi oxirida «Zolotaya korona» tizimining operatori va hisob-kitob markazi bo‘lgan «Platyojniy sentr» RNKOsiga nisbatan bloklovchi sanksiyalar joriy qildi. Ularning oqibatlari deyarli darhol sezildi. Iyul oyi oxiridan «Zolotaya korona» Rossiyadan xalqaro pul o‘tkazmalarini cheklay boshladi: tizimdan Qozog‘iston, Gruziya, Belarus va boshqa mamlakatlar kabi yo‘nalishlar yo‘qoldi. Shu bilan birga, Qirg‘iziston ma’lum vaqt davomida mavjud yo‘nalishlardan biri bo‘lib qoldi. Sentyabr oyida esa Qirg‘iziston Milliy banki «Zolotaya korona» operatorining litsenziyasini chaqirib oldi.



