Qozog‘iston OAVlarining klon-saytlarini yaratuvchilar yangi bosqichga chiqishdi — foydalanuvchilar «NeMolchi» jamg‘armasining Telegram-kanali klonini aniqladilar. U orqali KazTAG bosh muharriri Amir Kasenov haqida soxta xabar tarqatilmoqda. Unga havolalar foydalanuvchilarga Ulysmedia nashri materiallari sifatida yuborilmoqda. Feyk kanal paydo bo‘lgani haqida «NeMolchi» jamg‘armasi asoschisi Dinara Smailova ma’lum qildi.
Avvalroq bu sxemaga Exclusive.kz nashri e’tibor qaratgan edi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, soxta xabarga havolalar bir necha haftadan beri tarqatilmoqda.
Klon-kanal tashqi ko‘rinishi jihatidan «NeMolchi» jamg‘armasining rasmiy Telegram-resursini to‘liq taqlid qiladi. Unda Amir Kasenovga nisbatan shaxsiy tusdagi ayblovlar, jumladan, uning rafiqasi Aygul bilan bog‘liq ma’lumotlar keltirilgan material joylashtirilgan. Shu bilan birga, go‘yo Ulysmedia nomidan tarqatilgan ushbu material aslida mazkur nashr tomonidan e’lon qilinmagan. Tarqatmalarda Ulysmedia logotipi hamda uning asoschisi va bosh muharriri Samal Ibrayevaning ismidan foydalanilgan.
«NeMolchi»ning klon-kanalida KazTAG bosh muharriri haqidagi bir xil soxta material to‘rt marta — 31 avgust, 6, 7 va 12 sentyabr kunlari joylashtirilgan. Klon-kanal obunachilari soni ham sun’iy ravishda qariyb 12 mingtaga yetkazilgan — bu jamg‘armaning haqiqiy kanalidagi ko‘rsatkichga yaqin. 18 sentyabrdan keyin unda yangi materiallar paydo bo‘lmagan. Biroq, avval joylashtirilgan soxta materiallarga havolalar shaxsiy xabarlar va ochiq chatlar orqali tarqatilishda davom etmoqda.
Bunga o‘xshash sxema avval «Aq jol» partiyasining sobiq raisi Azat Peruashevga nisbatan ham qo‘llangandi. Noma’lum shaxslar Exclusive.kz saytining uchta klon-saytini, keyin «Vlast» nashri saytining nusxasini va NEGE Telegram-kanalining klon-versiyasini yaratishgan.
Barcha holatlarda haqiqiy OAV materiallari niqobi ostida mazkur nashrlar tahririyatlari tomonidan e’lon qilinmagan materiallar tarqatilgan.
23 sentyabr kuni Exclusive.kz Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi, prokuratura, Madaniyat va axborot vazirligi, shuningdek, Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligiga murojaat qilib, yuz berayotgan holatga huquqiy baho berish, soxta resurslarga kirishni cheklash va ularni yaratishga aloqador shaxslarni aniqlashni so‘radi.
30 sentyabr kuni Peruashev haqida soxta materiallar yaratilishi fakti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi.



