To‘qayev Qozog‘iston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi rahbarini almashtirdi

Qozog‘iston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati fotosurati

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Kaspiy dengizidagi mashg‘ulotlar vaqtida 14 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganidan so‘ng mamlakat Qurolli Kuchlari rahbariyatini o‘zgartirishni davom ettirmoqda. 5 oktyabr kuni u Qurolli Kuchlar Bosh shtabiga yangi rahbar tayinladi. Bu lavozimni Aytkurman Omarbekov egalladi, deb xabar beradi Oqo‘rda sayti. U shuningdek, mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga ham odam tayinladi.

Omarbekov avvalroq Davlat qo‘riqlash xizmatida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 2022 yil yanvar oyidagi ommaviy namoyishlardan so‘ng u DQX boshlig‘i o‘rinbosari vazifasini vaqtincha bajaruvchi va bir vaqtning o‘zida Maxsus operatsiyalar kuchlari qo‘mondoni etib tayinlangan. Shu yil fevral oyidan Omarbekov Davlat qo‘riqlash xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari — Maxsus operatsiyalar kuchlari qo‘mondoni lavozimida ishlagan.

Shuningdek, bugun To‘qayev Davlat qo‘riqlash xizmati boshlig‘ining yangi o‘rinbosari — Maxsus operatsiyalar kuchlari qo‘mondonini ham tayinladi. Bu lavozimni Azamat Hasenov egalladi.

Yangi tayinlovlar Kaspiy dengizida harbiy xizmatchilar halok bo‘lganidan so‘ng boshlangan armiya rahbariyatidagi kadrlar o‘zgarishlarining navbatdagi bosqichi bo‘ldi.

3 oktyabr kuni To‘qayev yana bir qator yuqori lavozimdagi harbiylarni vazifasidan ozod qildi. Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari — Bosh shtab boshlig‘i Qanish Aubakirov iste’foga chiqarildi. U bu lavozimni 2026 yil yanvar oyidan beri egallab kelayotgandi, undan avval esa ikki yil davomida mudofaa vaziri o‘rinbosari bo‘lgan.

Mudofaa vaziri o‘rinbosari Almaz Jumakiyev ham lavozimidan ozod etildi. U mazkur lavozimda shu yil mart oyidan beri ishlab kelayotgandi.

Bundan tashqari, Qanat Niyazbekov Harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondoni lavozimidan ozod qilindi. U Qozog‘iston Harbiy-dengiz kuchlariga 2025 yil avgust oyidan beri rahbarlik qilib kelayotgan edi.

27 sentyabr kuni To‘qayev Mudofaa vaziri Dauren Kosanovni ham iste’foga chiqardi. U mazkur lavozimda 2025 yil iyun oyidan ishlab kelayotgandi. Uning o‘rniga 45 yoshli Aydos Mirzaxmetov tayinlandi. U 2002 yilda Qozog‘iston Qurolli Kuchlari Harbiy akademiyasini tamomlagan. Vazir etib tayinlanguniga qadar u Davlat qo‘riqlash xizmati departamentini boshqargan.

Kadrlar o‘zgarishi Mangistau viloyatida 14 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganidan so‘ng amalga oshirildi. 24 sentyabr kuni Kaspiy dengizida o‘tkazilgan «Xazar qorg‘ani-2026» mashg‘ulotlari vaqtida ob-havoning yomonlashuvi va shamolning kuchayishi oqibatida 17 nafar harbiy xizmatchini dengiz oqimi olib ketgan. Ularning uch nafari qutqarilgan, qolganlari halok bo‘lgan.

Favqulodda hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 453-moddasi 2-qismi («Og‘ir oqibatlarga olib kelgan xizmatga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lish») va 465-moddasi («Kemani boshqarish qoidalarini buzish») bo‘yicha ikki jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Mudofaa vazirligi tizimidagi besh nafar mansabdor shaxs gumonlanuvchi sifatida ushlandi. Ular orasida Harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari, ikki harbiy qism qo‘mondoni, dengiz piyodalari rotasi komandiri va kater komandiri bor.

26 sentyabr kuni To‘qayev Mudofaa vazirligini kompleks tekshiruvdan o‘tkazishni topshirdi.

Ertasi kuni Oqo‘rda matbuot xizmati prezidentning so‘zlarini keltirdi. U tinchlik davrida harbiy xizmatchilarning halok bo‘lishini «ofitserlar, jumladan generallarning o‘z mohiyatiga ko‘ra jinoiy bo‘lmish kasbiy malakasizligi natijasi» deb atadi.