OAV: Turkmanistonda qamoqda saqlanayotgan huquq himoyachisi Mansur Mingelovning ahvoli yomonlashgan

Mansur Mingelov. turkmen.news sayti fotosurati

22 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan turkmanistonlik huquq himoyachisi Mansur Mingelovda suyak sili kasalligi avj olgan. Bu haqda turkmen.news xabar beradi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyining oxirida 52 yoshga to‘ladigan Mingelov bir necha yildan beri MR-B/15 qamoqxona shifoxonasida saqlanmoqda. Unda har ikki tizza bo‘g‘imida sil artriti tashxisi qo‘yilgan, kasallik suyak to‘qimalari va umurtqa pog‘onasiga ham tarqalgan. Erkak faqat qo‘ltiqtayoq yordamida va boshqa shaxs ko‘magida harakatlana oladi. So‘nggi bir necha hafta davomida unga tik turish va o‘tirish qiyinlashgan.

2024 yil yozida Turkmaniston Sog‘liqni saqlash vazirligi komissiyasi huquq himoyachisining tashxisini, shuningdek, garchi Turkmanistonda ushbu kasallikni davolash imkoni bo‘lmasa-da, xorijiy klinikada uning oyog‘ini saqlab qolish mumkinligini tasdiqlagan. Mingelov oyog‘ini amputatsiya qilishdan bosh tortgani sababli uni shifoxonadan qattiq tartibli koloniyaga qaytarish bilan tahdid qilishgan.

2025 yil sentyabr oyida Mingelov qarindoshlari uni og‘ir kasalligi tufayli muddatidan oldin ozod qilishni so‘rab, Turkmaniston Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilgan. Ular Turkmaniston Jinoyat kodeksining 76-moddasi («Og‘ir kasallik tufayli jazodan ozod qilish») va Jinoyat-ijroiya kodeksining 166-moddasiga tayangan. Unda «og‘ir kasallik» oltinchi bandda ko‘rsatilgan.

Himoya tomoni, shuningdek, Turkmaniston prezidentining 2017 yil 11 maydagi farmoniga tayangan bo‘lib, mazkur hujjatda jazodan ozod qilish huquqini beruvchi kasalliklar ro‘yxati tasdiqlangan. Biroq, Turkmaniston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamentida «barcha dalillar o‘rganib chiqilgani» va ular «Turkmanistonning amaldagi qonunchiligi talablariga muvofiq emas» degan xulosaga kelinganini bildirishgan.

Avvalroq mahbus tashxisini Turkmanistonning BMTdagi doimiy vakili Vepa Xojiyev ommaviy ravishda ma’lum qilgan edi. 2025 yil aprel oyida Jenevada bo‘lib o‘tgan BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasining 82-sessiyasida u Mingelovga «chap va o‘ng tizza bo‘g‘imlarining sil artriti» tashxisi qo‘yilganini tasdiqlagan. Diplomat milliy qonunchilikda og‘ir patologiyalarga ega mahkumlarni sud qarori bilan ozod qilish ko‘zda tutilganini ta’kidlagan, biroq Mingelovning kasalligi uni ozod qilish uchun asos bo‘ladimi-yo‘qmi, aniqlik kiritmagan.

Mansur Mingelov — Mariy viloyatida tug‘ilgan, millati bo‘yicha baluj. U balujlar etnik ozchiligining huquqlarini himoya qilish borasidagi faoliyati bilan tanilgan. U ilk bor 2012 yil iyun oyida giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanmasiga aloqadorlikda gumon qilinib qo‘lga olingan, biroq ikki hafta o‘tib, jinoyat tarkibi mavjud emasligi sababli ozod qilingan. Qo‘lga olish vaqtida faolning oyog‘i singan.

Ozodlikka chiqqach, Mingelov milliy ozchilik vakillariga nisbatan qiynoqlar va elektr toki bilan azoblash holatlarini hujjatlashtirgan hamda Turkmaniston Bosh prokuraturasiga, YEXHT vakolatxonasi va AQSHning Ashxoboddagi elchixonasiga shikoyatlar yo‘llagan. Ko‘p o‘tmay, u yana hibsga olingan va kontrabanda hamda pornografiya tarqatishni o‘z ichiga olgan ayblovlar bo‘yicha 22 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar bu ish to‘liq soxtalashtirilgan, deb hisoblaydi.

2018 yili mahbusga osteomiyelit bilan asoratlangan sil kasalligi tashxisi qo‘yilgan.

Xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi va Irqiy kamsitishni tugatish qo‘mitasi Turkmaniston hukumatini Mingelovni ozod qilishga bir necha bor chaqirgan.