XAEA ekspertlari AES qurilishiga tayyorgarlikni baholash uchun Qozog‘istonga keldi

gov.kz sayti fotosurati

Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) Qozog‘istonning atom elektr stansiyalarini qurish uchun zarur bo‘lgan yadroviy infratuzilmasini kompleks baholashga tayyorgarlikni boshladi. Bu haqda Qozog‘iston Atom energiyasi agentligi xabar berdi.

12–15 oktyabr kunlari Ostonada XAEA missiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Uning maqsadi Qozog‘istonga yadroviy infratuzilmaning o‘zini o‘zi baholash hisobotini tayyorlashda va INIR (Integrated Nuclear Infrastructure Review) kompleks baholash asosiy missiyasiga tayyorgarlik ko‘rishda yordam berishdan iborat.

«Hamkorlikdagi ishning asosiy maqsadi — ekspertlarning o‘zini o‘zi baholash hisoboti bo‘yicha takliflarini muhokama qilish, taqdim etilgan ma’lumotlarga aniqlik kiritish hamda INIR missiyasiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilash», — deyiladi agentlik xabarida.

Dastur 19 ta yo‘nalishni qamrab oladi. Ular orasida yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik, yadroviy obyektlarning jismoniy himoyasi, qonunchilik va tartibga solish, moliyalashtirish, mutaxassislar tayyorlash, manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik, elektr tarmoqlarining tayyorligi hamda yadroviy yoqilg‘i sikli bor.

Ishda XAEA ekspertlari, Qozog‘iston Atom energiyasi agentligi, «Qozog‘iston atom elektr stansiyalari» kompaniyasi va «Qazatomprom» milliy atom kompaniyasi vakillari ishtirok etmoqda.

Qozog‘iston bir nechta atom elektr stansiyasini qurishni rejalashtirmoqda. Birinchi AES — «Balxash» stansiyasini Olmaota viloyatidagi Ulken qishlog‘ida joylashtirish ko‘zda tutilgan. Stansiya qurilishi bo‘yicha xalqaro konsorsiumga Rossiyaning «Rosatom» kompaniyasi rahbarlik qilishi belgilangan. 3 sentyabr kuni Qozog‘iston ushbu kompaniyaning tarkibiy tuzilmasi bo‘lgan «Atomstroyeksport» bilan AESni loyihalashtirish, yetkazib berish va qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha qiymati taxminan 16,4 milliard dollarga baholanmoqda.

Ikkinchi stansiya uchun ham mamlakat janubi — Olmaota viloyatining Jambil tumani tanlangan. Ushbu loyihada ustuvor pudratchi sifatida Xitoyning CNC kompaniyasi ko‘rib chiqilmoqda. Quvvati kichik va o‘rta bo‘lgan reaktorlarga ega uchinchi stansiyani joylashtirish uchun esa G‘arbiy Qozog‘istondagi Kaspiy dengizi sohili ko‘rib chiqilmoqda.