Rossiyaning Penza viloyatida «O‘rta Osiyo — Markaz» magistral gaz quvurida portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda «Kommersant’» nashri «Gazprom transgaz Saratov» kompaniyasiga tayanib xabar berdi.
Hodisa Volchkovo qishlog‘i hududida yuz bergan. Portlashdan so‘ng kuchli mash’ala ko‘rinishidagi yong‘in boshlangan, olov ustunining balandligi taxminan 70 metrga yetgan. Halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan.
Gaz quvuri tezkorlik bilan yopilgan. Hodisa joyida o‘t-o‘lanlar ham yongan.
Gaz quvuri «Gazprom transgaz Saratov» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli. Ushbu uchastka Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istondagi konlarni Rossiya hamda Yevropa iste’molchilari bilan bog‘laydigan yirik transport tizimining bir qismi hisoblanadi. Mazkur yo‘nalishning umumiy uzunligi taxminan 5 ming kilometrni tashkil etadi.



