Qozog‘istonda to‘rt yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Rossiya pravoslav cherkovining sobiq ruhoniysi Iakov Voronsov Olmaotadagi tergov hibsxonasidan yo‘llagan maktubida o‘zini aybsiz deb hisoblashini ma’lum qildi. 9 oktyabr kuni, hukm chiqarilganidan ikki kun o‘tib yozilgan maktub matnini uning do‘sti Geniyat Isin Facebook sahifasida e’lon qildi.
«Iloji bo‘lsa, hammaga aybsiz ekanimni yetkaz. Men taslim bo‘lmadim va aybimni tan olmadim. Menga o‘zim qilmagan ishim uchun ikkiyuzlamachilik bilan tavba qilishni taklif etishdi. Shunda shartli jazo berishardi. Ammo men bu gunohni o‘z zimmamga olmadim», — deb yozadi Voronsov.
Isinning so‘zlariga ko‘ra, sobiq ruhoniy so‘nggi lahzagacha ozodlikka chiqishiga umid qilgan, chunki «sudda ayblov butunlay barbod bo‘lgan». U sud hukmini adolatsiz va shafqatsiz deb hisoblaydi hamda uning ustidan apellyatsiya shikoyati berishni rejalashtirgan.
Isin Voronsovning so‘zlariga tayanib, u ochlik e’lon qilishni to‘xtatgani va endi oz-ozdan ovqatlana boshlaganini ma’lum qilgan. U 22 kun davomida kamerada yolg‘iz saqlangan, endi esa uning yoniga boshqa mahbus joylashtirilgan.
7 oktyabr kuni Olmaotaning Medeu tumanidagi 2-sonli sud Voronsovni sotish maqsadisiz psixotrop modda analogi bo‘lgan giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda o‘ta yirik miqdorda sotib olish va saqlashda aybdor deb topdi (Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 296-moddasi 4-qismi). «Farg‘ona» nashri yozishicha, gap uning uyida o‘tkazilgan tintuv paytida topilgan 2,44 gramm metkatinon analogi haqida bormoqda.
Sud unga olti yillik qamoq jazosini tayinlagan, biroq yangi Konstitutsiya qabul qilinishi munosabati bilan e’lon qilingan amnistiya tufayli jazo muddati to‘rt yilga qisqartirilgan. Advokat G‘alim Nurpeisov ayblov isbotlanmagan deb hisoblaydi: uning so‘zlariga ko‘ra, tergov Voronsovning ushbu giyohvand moddaga egalik qilganini ham, uni qayerda va qachon sotib olganini ham isbotlay olmagan.
Voronsov, asli ismi Vladimir, Olmaota shahrida tug‘ilgan va Rossiya pravoslav cherkovining Ostona va Olmaota yeparxiyasida iyeromonax bo‘lib xizmat qilgan. U Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini va Moskva patriarxati rahbariyati siyosatini ochiq qoralaganidan so‘ng tanilgan. Keyinchalik u ruhoniylik unvonidan mahrum qilingan. Qozog‘istonda Moskva patriarxatidan mustaqil pravoslav jamoasini ro‘yxatdan o‘tkazishga bo‘lgan urinishlari esa mamlakat Adliya vazirligi tomonidan ikki marta rad etilgan.



