O‘zbekiston OAV fondining sobiq rahbari konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda ayblanib, 10 yilga qamaldi

Said-Abdulaziz Yusupov. Ijtimoiy tarmoqlardan olingan surat

2017 yilning dekabridan 2019 yilning mayigacha Respublika mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori lavozimida faoliyat yuritgan Said-Abdulaziz Yusupov o‘n yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Hukm 20 noyabr kuni Harbiy sud tomonidan chiqarildi, deb xabar beradi Kun.uz nashri.

Ommaviy axborot vositalari fondining sobiq rahbari mamlakat Jinoyat kodeksining 159-moddasi 3-qismi «a» bandi («O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish») va 139-moddasi 2-qismi «a» va «g» bandlari («Tuhmat») bo‘yicha aybdor deb topildi.

Ishning tafsilotlari va holatlari ochiqlanmagan.

Yusupov muqaddam sudlangan. 2019 yilning bahorida u katta miqdordagi firibgarlikda gumonlanib qo‘lga olingandi. O‘shanda jamoat arbobi JKning 167-moddasi («O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish»), 168-moddasi («Firibgarlik»), 211-moddasi («Pora berish») va 28-moddasi («Jinoyat ishtirokchilarining turlari»)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblangan. Tergov talqiniga ko‘ra, fondning sobiq rahbari o‘zini Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimi sifatida tanishtirib, fuqarolardan pora olib kelgan.

Yakunda sudlanuvchi 6,5 yil muddatga koloniyaga hukm qilingan. Biroq zarar qoplanganidan so‘ng jazo 2,5 yillik axloq tuzatish ishlariga almashtirilgan.

2020 yil 8 iyul kuni Toshkent shahar Yashnobod tuman sudi jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida ajrim chiqarаdi va Yusupovni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sud zalidan ozod qilаdi. OAV fondining sobiq direktori advokati Arslan Shaymardonov o‘z himoyasidagi shaxs jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganini bildirgan. Shu bilan birga, yurist miqdorni ochiqlamagan va uni «katta bo‘lmagan» deya ta’riflash bilan cheklangan.

Himoyachining so‘zlariga ko‘ra, jurnalist 2019 yil mayida qo‘lga olingan vaqtdan boshlab DXX tergov izolyatorida saqlangan, ikki hafta «Toshtyurma»da o‘tirgan, shuningdek bir necha bor davolanishga yuborilgan.

Mahbusning advokati va yaqinlari Yusupov hibsda saqlangan paytda huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan jismoniy va psixologik bosimga uchraganini bildirgan. Biroq Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan ekspertiza qiynoqlar izini aniqlamagan.