Аron Otabekning qizi Qozogʻiston prezidentidan shoirni vafotidan so‘ng oqlashni soʻradi

Аron Otabek. Ijtimoiy tarmoqlardan olingan surat

Qozogʻistonlik shoir va dissident Аron Otabek vafotining besh yilligida uning qizi Olma Nutusheva respublika prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayevga murojaat qilib, otasini vafotidan so‘ng oqlashni hamda uning mamlakat oldidagi xizmatlarini tan olishni soʻradi.

Nutusheva oʻz murojaatida Otabekning 1986-yilgi dekabr voqealarini tan olinishiga erishgan va Olmaotaning Shaniroq mikrorayoni aholisiga uy-joylarini qonuniylashtirishda koʻmaklashgan jamoatchilik faoliyatini eslatib oʻtdi.

Shoirning qizi oʻz fuqarolik pozitsiyasi uchun otasi kaltaklar, ochlik va tahqirlarga duchor boʻlgan yillar davomidagi tutqunlik bilan badal toʻlaganini taʼkidladi. Vafotidan besh yil oʻtib ham u otasining pok nomini tiklashga intilmoqda.

«Avvalgi hokimiyatning xatolarini tan oling. Oʻz xalqining qahramoni va jafokash arvohiga orom bering. Otamga hech boʻlmaganda vafotidan so‘ng oqlov bering», — deya murojaat qiladi Olma Nutusheva prezidentga.

Shoir va dissident Аron Otabek 2008-yil 5-oktabrda 18 yil muddatga koloniyaga hukm qilingan edi. U 2006-yilda Shaniroq mikrorayonida odamni garovga olish, politsiyachini oʻldirish va ommaviy tartibsizliklar uyushtirishda ayblangandi.

U aybini tan olmagan, shu sababli shartli ravishda muddatidan ilgari ozod qilishni yoki jazoni yengillashtirishni soʻramagan. 15 yillik qamoqdan soʻng — 2021-yil oktabrida — shoir sogʻligʻi sababli ozod etildi. Bir necha hafta oʻtgach, u koronavirus pnevmoniyasi bilan jonlantirish boʻlimiga tushdi. Аron Otabek 2021-yil 24-noyabrda 68 yoshida vafot etdi. U Olmaotada dafn qilingan.

Ozodlikka chiqqanidan soʻng u oʻzini «oʻlish uchun chiqarib yuborishganini» aytgan, shuningdek, koloniyada qiynoqlarga duchor boʻlganini bildirgandi. Otabekning tarafdorlari shoir hokimiyatni keskin tanqid qilgani va ular uchun noqulay boʻlgan jamoatchilik faoliyati sababli qamoqqa tashlangani haqidagi taxminni bir necha bor ilgari surgan. Qozogʻiston rasmiylari uning taʼqib etilishi siyosiy xususiyatga egaligini, shuningdek, mamlakatda umuman siyosiy mahbuslar borligini rad etib kelgan.