Mashhur «Otalar so‘zi – aklning ko‘zi» ko‘rsatuvining muallifi va boshlovchisi vafot etdi

Mirabbos Mirzaahmedov. Videodan kadr

«Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi» ko‘rsatuvini 40 yildan ortiq vaqt davomida olib borgan va unga rejissyorlik qilgan O‘zbekistonning taniqli madaniyat arbobi Mirabbos Mirzaahmedov 84 yoshida vafot etdi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va mamlakat rahbariyatining boshqa a’zolari hamdardlik bildirdilar.

Mirabbos Mirzaahmedov 1941 yil 30 sentyabrda Toshkentda tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent teatr va rassomlik instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti) da kino va teatr san’ati aktyori mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan. U 60 yildan ortiq televideniyeda ishlagan, dastlab «Yoshlar» tahririyati rejissyori, bosh rejissyori, «O‘zbekiston» telekanalining oliy toifali rejissyori lavozimlarida ishlagan.

Uning bevosita rahbarligida «Bahor qaytmaydi», «Izlayman», «Qalbingga quloq sol», «Bahs», «Uch ildiz», «Dunyoning ishlari» kabi televizion dasturlar va badiiy filmlar yaratildi.

M.Mirzaahmedov o‘zining nuroniy va donishmand qiyofasi, ko‘p yillik bilim va tajribasi bilan markaziy telekanallar orqali 40 yildan buyon namoyish etib kelinayotgan «Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi» ko‘rsatuviga yangicha ruh va mazmun olib kirdi va unda Vatanga muhabbat, odob-axloq, mehr-oqibat g‘oyalarini targ‘ib etishga katta hissa qo‘shdi.

Mirzaahmedov shuningdek, ustoz edi, ko‘plab yosh mutaxassislarni tayyorladi va o‘zining mahorat maktabini yaratdi. U samarali mehnati uchun «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoniga, shuningdek, «Mehnat shuhrati» va «Do‘stlik» ordenlariga sazovor bo‘ldi.

  • Kuzatuvchilar va ekspertlar — Qozog‘istondagi yangi parlament — Qurultoyga ilk saylovlar haqida

  • Nima uchun robototexnika taraqqiyoti insoniyatga xavf solishi mumkinligi haqida

  • Nima uchun eronlik xonanda Saadiy she’rlariga bitilgan qo‘shiqlar ijro etgani uchun to‘rt yillik qamoq jazosiga hukm qilindi?

  • Xitoyning ilm-fan va texnikadagi yutug‘i — piarmi yoki haqiqat?