O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijroiya, Mehnat kodekslariga, shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
«Bolaga zulm qilgan, unga jismoniy yoki ruhiy azob bergan har bir kimsa — u xoh ta’lim muassasasi xodimi bo‘lsin, xoh yaqin qarindoshi — javobgarlikka tortiladi. Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan jinoyatlar uchun berilgan jazo aslo yengillashtirilmaydi. Bundan buyon 14 yoshga to‘lmagan bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi tayinlanadi. Bunday og‘ir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish muddatida cheklov bo‘lmaydi», — deb yozadi Mirziyoyeva.
Jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirishdan tashqari, qonun bilan ota-onalarning bolalarga lozim darajada g‘amxo‘rlik qilmasligi, jinsiy ta’qib, nikoh yoshi talablarini buzish hamda bolalarni ularning salomatligiga zararli axborotdan himoya qilishni ta’minlamaslik uchun ma’muriy jazolar kuchaytiriladi.
Qonun bolalarni himoya qilishga qaratilgan qo‘shimcha protsessual mexanizmlarni joriy etadi. Jumladan:
▪️ zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan voyaga yetmaganlarga protsessual harakatlarga birinchi marta jalb qilingan paytdan boshlab bepul yuridik yordam ko‘rsatiladi.
▪️ voyaga yetmagan jabrlanuvchini so‘roq qilish jarayoni majburiy ravishda videoga yozib olinadi. Bu bolani bir necha marta so‘roq qilish natijasida qayta ruhiy jarohat olishining oldini olishga qaratilgan.
▪️ jabrlanuvchi bola va ayblanuvchi o‘rtasidagi yuzlashtirishni faqat surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi asosida o‘tkaziladi.
▪️ ish beruvchilarga ta’lim va tarbiya muassasalari xodimlari bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan taqdirda, ularni ishdan bo‘shatish huquqi beriladi.
O‘zbekiston Senatida qonun muhokama qilingan vaqtda ma’lum qilinishicha, faqat 2025 yilning o‘zida ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan 122 ta zo‘ravonlik holati aniqlangan. Shundan 38 tasi bolalar bog‘chalarida, yana 84 tasi maktablarda sodir bo‘lgan.



