Qozog‘iston chechen faoli Mansur Movlayevni Rossiyaga ekstraditsiya qilishga qaror qildi

Mansur Movlayev. Videodan kadr

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi chechen faoli Mansur Movlayevni Rossiyaga ekstraditsiya qilishni ma'qulladi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda advokat Murat Adam (faolni himoya qiladi, ammo ilgari ORDA.kz bosh muharriri Gulnora Bajkenovaning ishi bo‘yicha bayonotlari tufayli advokatlik litsenziyasidan mahrum qilingan) xabar qildi.

«Bugun biz Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasidan yomon xabar oldik, u RF Bosh prokuraturasining chechen muxolifi va faoli Mansur Movlayevni ekstraditsiya qilish bo‘yicha so‘rovini qondirishga qaror qilgan», — deb yozadi yurist.

O‘tgan yil dekabr oyi oxirida Qozog‘iston rasmiylari Movlayevga qochqin maqomini berishdan bosh tortgandilar. Hozirda ushbu qaror ustidan sudda shikoyat arizasi qo‘rilmoqda, dastlabki sud majlisi 11 fevralga belgilangan.

Movlayev hozirda Olmaotadagi tergov hibsxonasida.

Shu bilan birga, Instagramda (RFda ekstremistik deb tan olingan va taqiqlangan Meta korporatsiyasiga tegishli tarmoq) faolni qo‘llab-quvvatlash guruhi Qozog‘iston Bosh prokuraturasidan olingan hujjatning skanerlangan nusxasini joylashtirgan. Unda Movlayev ekstraditsiya to‘g‘risidagi qaror kuchga kirganidan so‘ng 30 kun ichida Rossiyaga ekstraditsiya qilinishi kerakligi aytilgan. Huquq himoyachilari bu qaror noqonuniy ekanini, chunki faolga «boshpana berish jarayoni davom etayotganini» ta'kidlaydilar va uning Rossiyada «100% ehtimol bilan» o‘ldirilishi mumkinligini ta'kidlaydilar.

Mansur Movlayev Checheniston rahbari Ramzan Qodirovni qattiq tanqid qilishi va respublikadagi inson huquqlari buzilishi va siyosiy qatag‘onlarga qarshi chiqishi bilan tanilgan. 2020 yili faol Rossiya Jinoyat kodeksining 228-moddasi (u giyohvand moddalar savdosi uchun jazolarni nazarda tutadi) bo‘yicha uch yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Checheniston muxolifati vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bu ish uyushtirilgan.

2022 yili Movlayev shartli ravishda ozod qilingan, ammo tez orada uni o‘g‘irlashgan va Checheniston politsiya bo‘limiga olib ketishgan. U qochib, Qirg‘izistonga hujjatsiz kirishga muvaffaq bo‘lgan, shundan so‘ng Rossiya uni ekstremizmni moliyalashtirishda ayblab, federal qidiruvga bergan.

Qirg‘izistonda Movlayev chegarani noqonuniy kesib o‘tgani uchun qamoq jazosini o‘tagan va rasmiylar uni mamlakatdan deportatsiya qilishga qaror qilishgan, ammo u o‘zi ketishga muvaffaq bo‘lgan.

2025 yil may oyida faol Rossiya iltimosiga binoan Qozog‘istonda hibsga olingan. U 40 kunga qamoqqa olingan, keyinchalik uning hibsda saqlash muddati bir necha bor uzaytirilgan.