Qirg'izistonda MoveGreen ekologik tashkiloti masjid imomlari va madrasa o'qituvchilarini nomozxonlarga iqlim o'zgarishi va tabiatni e'zozlashga oid mavzularni Islom qadriyatlari nuqtai nazaridan uqdirishga tayyorlash bo'yicha ishlarni boshladi. Bu haqda Kaktus.Media xabar berdi.
Tashkilot loyihani «Qirg'izistondagi diniy jamoalar o'rtasida iqlimga oid ta'lim, xabardorlik va aloqalarni yaxshilash» deb nomladi. U Qirg'iziston Tabiiy resurslar, atrof-muhit va texnik nazorat vazirligi, Din ishlari va millatlararo munosabatlar bo'yicha milliy agentlik va xalqaro hamkorlar ko'magida amalga oshirilmoqda.
Tashkilotchilarning so'zlariga ko'ra, loyiha doirasida insoniyatning atrof-muhit bilan munosabatlari muqaddas Qur'on va hadislar orqali tahlil qilingan. MoveGreen ta'kidlashicha, Islom manbalarida tabiatni e'zozlashga oid ko'plab ma'lumotlar mavjud va ona zaminga odamlar asrab-avaylashi shart bo'lgan omonat sifatida qaraladi.
Ushbu tahlil asosida tashkilot Islom nuqtai nazaridan iqlim ta'limotiga oid o'quv qo'llanmasini tayyorlagan. Materiallar I. Arabayev nomidagi Qirg'iziston davlat universitetining Din tadqiqotlari instituti va To'qmoqdagi Islom akademiyasiga topshirilgan.
MoveGreen ma'lumotlariga ko'ra, loyiha doirasida 60 ta diniy ulamo — 30 ta imom va 30 ta madrasa o'qituvchisi uchun sakkizta o'quv mashg'ulotlari o'tkazilgan. Ishtirokchilarga iqlim o'zgarishining Qirg'izistonga ta'siri, jumladan, muzliklarning erishi, suv tanqisligi, yaylovlar degradatsiyasi, qurg'oqchilik va suv toshqinlari haqida ma'lumotlar berilgan.
Treningdan so'ng imomlar juma xutbalarida ekologiya va iqlim o'zgarishiga oid mavzularni tilga ola boshladilar, madrasa o'qituvchilari esa talabalar uchun tematik mashg'ulotlar o'tkazishni boshladilar.
Ekologiya muammolari Qirg'iziston uchun nozik masala bo'lib qolmoqda: mamlakat iqlim o'zgarishi, muzliklarning erishi, suv tanqisligi va yaylovlar degradatsiyasi ta'siriga duch kelmoqda. Ayniqsa sovuq mavsumda Bishkekda havoning o'ta ifloslanishi issiqlik elektr stantsiyasi faoliyati va avtomobillar, hususiy sektorlaridagi uy pechlaridan chiqayotgan tutunlar bilan izohlanmoqda.



