Qamalgan tojik jurnalistlari amnistiyaga tushdi va ular uch yil oldinroq ozodlikka chiqishadi

ABDULLO G‘URBATIY, RUXSHONA HAKIMOVA, ZAVQIBЕK SAIDAMINI. “FARG‘ONA” KOLLAJI

Emomali Rahmon 16 iyun kuni amnistiya to‘g‘risidagi qonunni imzolaganidan so‘ng, bir qator hukm qilingan tojik jurnalistlari va blogerlarining jazo muddatlari uch yilga qisqartirildi. Bu haqda «Aziya-Plyus» xabar berdi.

Nashr muxbirlari jamoatchilik e’tiboriga tushgan ishlar bo‘yicha figurantlarning yaqinlari bilan suhbatlashib, har bir holatda jazo muddati qanchalik qisqarganini aniqlashgan. Suhbatdoshlar amnistiya haqidagi ma’lumotni ismlari oshkor etilmasligi sharti bilan tasdiqlashgan. Tojikiston hukumati hozircha amnistiya qilingan mahbuslarning aynan qachon ozod etilishi boshlanishini rasman e’lon qilmagan. Biroq, qonunni ijro etish uchun ikki oy muddat belgilangan.

Amnistiyaga tushganlar orasida jurnalist ayol Ruxshona Hakimova ham bor. Yaqin qarindoshining ma’lum qilishicha, uning jazo muddati 3 yilga qisqartirilgan. Eslatib o‘tamiz, Hakimova JK 305- modda (“Davlatga xiyonat”) bo‘yicha ayblanib, 2025 yil 5 fevralda 8 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. U hozir qamoqda qariyb bir yarim yildan beri saqlanmoqda. Amnistiyani hisobga olganda, unga yana 3,5 yildan ko‘proq muddat qolmoqda.

Jurnalist Abdullo Gurbatiyning jazo muddati ham uch yilga qisqartiriladi.

«Abdullo amnistiya hujjatlarini imzoladi va 2026 yil 24 dekabrda ozodlikka chiqadi», — deb aniqlik kiritadi jurnalistning qarindoshlaridan biri.

G‘urbatiy 2022 yil 15 iyunda hibsga olingan. U Jinoyat kodeksining uchta moddasi bo‘yicha yetti yarim yilga ozodlikdan mahrum qilingan: 328 (“Davlat amaldoriga nisbatan zo‘ravonlik ishlatish»), 330 («Davlat amaldorini haqorat qilish») va 307 («Ekstremistik jamoani tashkil etish»).

Bloger Daler Emomali jazosi ham 3 yilga qisqartiriladi. U 2022 yil 15 iyun kuni, Abdullo G‘urbatiy bilan bir kunda hibsga olingan. Emomali 259 («Noqonuniy tadbirkorlik»), 346 («Qasddan yolg‘on ma’lumot berish») va 307-moddalar bo‘yicha ayblangan. Sud uni 10 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi. U to‘rt yil qamoqda o‘tirgan va amnistiya bo‘yicha yana uch yilu to‘rt oydan so‘ng ozod qilinadi.

Qarindoshlarining so‘zlariga ko‘ra, Zavqibek Saidamini ozod qilinishi mumkin.

“Zavqibek amnistiya hujjatlarini imzoladi va qamoqda o‘tkazgan yillarini hisobga olgan holda, shu yilning 18 iyulida ozodlikka chiqadi», — deydi blogerning qarindoshlaridan biri “Aziya-Plyus” nashriga. Saidamini 2022 yil 8 iyulda hibsga olingan va o‘sha yilning 3 noyabrida 307-modda bo‘yicha yetti yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Abdusattor Pirmuhammadzodaning taqdiri hali ham noma’lum. U 2022 yil 9 iyul da hibsga olingan va 307-modda bo‘yicha yetti yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Agar unga amnistiya qo‘llanilsa, u ham iyul oyining boshida ozod qilinishi mumkin.

Jurnalist Xurshed Fozilovning jazo muddati ham uch yilga qisqartirilgan. U 2023 yil mart oyida hibsga olingan va 26 may kuni 307-modda bo‘yicha yetti yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Ujazoning uch yilini o‘tab bo‘ldi va amnistiya bilan bir yildan kamroq vaqt ichida ozod qilinishi mumkin.

Jurnalist Ulfatxonim Mamadshoyevaning qarindoshlari uning amnistiyaga tushgan-tushmaganligini hali bilishmaydi. Eslatib o‘tamiz, Mamadshoyeva Tog‘li Badaxshondagi norozilik namoyishlari bilan bog‘liq Jinoyat kodeksining sakkizta moddasi bo‘yicha ayblangan edi. 2022 yil dekabr oyi boshida u 21 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Amnistiya Emomali Rahmon tomonidan Tojikiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan, 9 sentyabr kuni nishonlanishi arafasida e’lon qilindi. U 18 mingdan ortiq shaxsga tatbiq etiladi. Jazoni ijro etish muassasalari, manzil-koloniyalar hamda jamiyatdan ajratish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jazo turlaridan 11 305 kishi ozod qilinadi. Yana 6 733 mahkumning jazo muddati qisqartiriladi.