Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi umumta’lim maktablari faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlarga o‘zgartishlarni tasdiqladi. Bu haqda 24.kg nashri xabar berdi.
Hukumatning 439-sonli qaroriga muvofiq, ta’limning yangi bosqichlari taqsimoti asosida 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tish rasman belgilandi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab ta’lim tizimi quyidagicha bo‘ladi: boshlang‘ich maktab — 6 yil, asosiy maktab — 3 yil, yuqori sinflar — 3 yil.
Ilgari ta’lim 4+5+2 tizimi bo‘yicha tashkil etilgan edi. Vazirlar Mahkamasiga ko‘ra, mazkur o‘zgarishlar o‘quv yili davomiyligini maqbullashtirish va o‘quv yuklamasini yanada oqilona taqsimlashga qaratilgan.
Qarorda, shuningdek, turli sinflar uchun o‘quv yilining davomiyligi ham aniq belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, 3–12-sinf o‘quvchilari uchun o‘quv yili davlat yakuniy attestatsiyasi hisobga olinmagan holda kamida 34 o‘quv haftasini tashkil etadi. 1-sinf o‘quvchilari uchun o‘quv yili 32 hafta, 2-sinf o‘quvchilari uchun esa 33 hafta davom etadi.
O‘quv yili davomidagi ta’tillar muddati kamida 30 kalendar kuni etib belgilandi. Yozgi ta’til esa kamida 14 hafta, ya’ni uch oydan ortiq davom etadi.
Shu bilan birga, 1-sinf o‘quvchilari uchun qo‘shimcha ikki haftalik, 2-sinf o‘quvchilari uchun esa qo‘shimcha bir haftalik ta’til saqlab qolinadi.
Qarorga muvofiq, maktablarda ta’lim jarayonini ham besh kunlik, ham olti kunlik o‘quv haftasi asosida tashkil etishga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, hujjat o‘rta va yuqori sinf o‘quvchilari uchun ta’lim olishning yangi shakllarini joriy etadi. Yettinchi sinfdan boshlab o‘quvchilar istagiga ko‘ra kechki vaqtda o‘qitiladigan kunduzgi-sirtqi shaklda ta’lim olishlari mumkin. 10–12-sinf o‘quvchilariga esa sirtqi ta’lim olish imkoniyati yaratildi. Buning uchun ota-onalar yoki 18 yoshga to‘lgan o‘quvchilarning o‘zi maktab bilan shartnoma imzolashi kerak bo‘ladi.
Qirg‘izistonda 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tish o‘tgan o‘quv yilida boshlangan bo‘lib, u 1-, 2-, 5- va 7-sinf o‘quvchilarini qamrab olgan edi. Qirg‘iz ta’lim akademiyasi (QTA) islohotning birinchi yili yakunlarini sarhisob qilib, bu jarayon murakkab bo‘lganiga qaramay, boshqarib bo‘ladigan darajada kechganini qayd etdi. Akademiya mutaxassislari 8,2 ming nafar o‘qituvchi o‘rtasida so‘rov o‘tkazgan, 370 ta darsni kuzatgan hamda islohot qamrab olgan sinflar uchun tayyorlangan o‘quv-metodik majmualarni tahlil qilgan.
QTAda ta’kidlanishicha, o‘qituvchilarning aksariyati yangi ta’lim standartlariga moslasha olgan. Biroq, darsliklar va ish daftarlari bilan bog‘liq kamchiliklar, pedagoglarning metodik jihatdan yetarlicha tayyor emasligi, raqamli platformalardagi muammolar, sinflarda o‘quvchilar sonining ko‘pligi, shuningdek, 5,5–6 yoshli bolalarning maktab ta’limiga to‘liq tayyor emasligi kabi muammolar aniqlangan.
Ayniqsa, birinchi sinf o‘quvchilarining moslashuvi dolzarb muammoga aylangan. Ota-onalar ko‘pincha farzandlarini maktabgacha tayyorlovchi «Nariste» dasturida ishtirok ettirmasdan maktabga olib kelgan, holbuki yangi ta’lim standartlari boshqacha yondashuvni nazarda tutadi. Ikkinchi sinflar uchun esa Qirg‘iz ta’lim akademiyasi (QTA) o‘quv yilining dastlabki ikki choragiga mo‘ljallangan yengillashtirilgan dasturlarni ishlab chiqqan.
O‘qituvchilar uchun eng katta qiyinchilik tushuntirishga asoslangan an’anaviy ta’lim modelidan tahlil qilish, fikrni asoslash va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan kompetensiyaviy ta’limga o‘tish bo‘ldi. Ko‘plab pedagoglar metodik jihatdan bunga tayyor emasligi ma’lum bo‘ldi va darslarda hali ham an’anaviy yondashuv ustunlik qilmoqda: o‘qituvchi tushuntiradi, o‘quvchi esa takrorlaydi.
O‘quv-metodik majmualar bilan bog‘liq jiddiy muammolar ham kuzatilgan. Darsliklar va yozuv daftarlarining kech yetkazib berilishi o‘qituvchilarni materiallarni mustaqil izlashga majbur qilgan. Shuningdek, «Kүndөlүk» avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi uzilishlar, internet tezligining pastligi, elektron o‘quv-metodik majmualar hamda «Mugalim» va «Sanarip kampa» platformalari bilan ishlashda texnik qiyinchiliklar yuzaga keldi.
Ota-onalar dasturning murakkabligi va og‘ir darsliklar haqida shikoyat qildilar. Qirg‘iz ta’lim akademiyasi (QTA) bu fikrlarni qisman qo‘llab-quvvatlab, topshiriqlar takomillashtirilishi kerakligini, ammo bu 12 yillik ta’lim modeli noto‘g‘ri ekanini anglatmasligini ta’kidladi. Tadqiqotlar yakunlariga ko‘ra, 2026/27 o‘quv yili uchun boshlang‘ich maktab dasturlari allaqachon qayta ko‘rib chiqilgan.
QTAda beshta asosiy saboq shakllantirildi:
▪️ Islohotni faqat standartlarni tasdiqlash orqali amalga oshirib bo‘lmaydi — o‘qituvchilar va pedagogika oliygohlari bitiruvchilarining tayyorligi muhim.
▪️ Boshlang‘ich maktab o‘yin shaklidagi, moslashuvga qaratilgan metodikani talab qiladi.
▪️ O‘qituvchilarga amaliyotga yo‘naltirilgan malaka oshirish zarur.
▪️ O‘quv-metodik majmualar (O‘MM) sifati — hal qiluvchi omil: agar ular dasturga mos kelmasa yoki kech yetkazib berilsa, barcha yuklama o‘qituvchining zimmasiga tushadi.
▪️ Jamoatchilikni faqat xabardor qilish emas, balki jarayonga jalb etish, ota-onalarga bolani qoʻllab-quvvatlashdagi roli tushuntirilishi lozim
Sentabrga qadar Qirgʻiz taʼlim akademiyasi maktablarni darsliklar bilan darslar boshlanguniga qadar taʼminlashni, OʻMMni ekspertizadan oʻtkazish va takomillashtirishni, oʻqituvchilar uchun amaliy kurslar tashkil etishni, psixologik-pedagogik qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirishni hamda interneti zaif maktablarga tarmoqqa ulanmasdan materiallar bilan ishlash imkoniyatini yaratishni rejalashtirmoqda.



