Qirg‘iziston neft mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha CNPC bilan kelishuvlar imzoladi va Sinopec bilan loyihalarni muhokama qildi

Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati fotosurati

Qirg‘iziston kompaniyalari Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) bilan neft mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar imzoladi. Bu haqda 19 avgust kuni Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjatlar Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Erlist Akunbekovning Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoniga (SHUAR) ishchi tashrifi doirasida Urumchi shahrida o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha imzolandi. Delegatsiya tarkibiga neft mahsulotlari bozorida faoliyat yuritayotgan o‘ndan ortiq qirg‘iz kompaniyalari rahbarlari kirdi.

CNPC bosh direktori Lo Ichjou bilan uchrashuvda CNPC tarkibiga kiruvchi «Kunlun Logistik» kompaniyasi orqali yetkazib berish tartib-taomillariga asosiy e’tibor qaratildi. Kompaniyaning faoliyati neft konlari bilan bog‘liq yuklar, xom neft, tabiiy gaz va neft mahsulotlarini xalqaro tashish hamda ombor logistikasini qamrab oladi.

Tomonlar tashish jarayonlarini soddalashtirish masalalarini ham ko‘rib chiqdi. Xususan, Qirg‘iziston Energetika vazirligi umumiy ishlarni muvofiqlashtirishi, Transport va kommunikatsiyalar vazirligi Bojxona xizmati bilan birgalikda neft yuklarining chegaradan tezkor o‘tkazilishini ta’minlashi, Tashqi ishlar vazirligi esa haydovchilar uchun vizalarni rasmiylashtirish jarayonini soddalashtirishi ta’kidlandi.

Lo Ichjou Qirg‘iziston bilan hamkorlikni rivojlantirish, yuklarni bojxonadan rasmiylashtirish jarayonini takomillashtirish va Xitoy — Qirg‘iziston o‘rtasida uzluksiz energetika-logistika koridorini birgalikda tashkil etishga tayyorligini ta’kidladi.

Akunbekov Markaziy Osiyo neft bozoridagi vaziyatni hisobga olgan holda qirg‘iz kompaniyalari va CNPC o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri kelishuvlar tuzish muhimligini ta’kidladi.

«Biz delegatsiya tarkibiga Qirg‘izistonda neft mahsulotlari bilan ishlaydigan kompaniyalar rahbarlarini kiritdik, toki har bir tadbirkor hamkorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish, shuningdek, masalalar va imkoniyatlar bilan joyida tanishish imkoniyatiga ega bo‘lsin», — deb tushuntirdi Akunbekov bir kun avval Xitoy Neft-kimyo korporatsiyasi (China Petroleum & Chemical Corporation — Sinopec) direktori o‘rinbosari Tyan Xunbin bilan uchrashuv chog‘ida.

Muzokaralar davomida Tyan Xunbin Sinopec avval erishilgan kelishuvlar asosida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga, shuningdek, neft sohasida yangi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini tasdiqladi.

Davlat organlari va kompaniyalar vakillaridan iborat ishchi guruhlar Qirg‘izistonga yoqilg‘i-moylash materiallarini yetkazib berish, jumladan, tashish, bojxona rasmiylashtiruvi, tovar aylanmasi va boshqa masalalarni muhokama qildi.

Akunbekov boshchiligidagi delegatsiya, shuningdek, Xitoy Kommunistik partiyasi Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni qo‘mitasi kotibi Chen Syaotszyan bilan uchrashdi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Xitoydan Qirg‘izistonga yoqilg‘i-moylash materiallarini yetkazib berish jarayonini soddalashtirish va tezlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

ℹ️ CNPC va Sinopec — Xitoyning eng yirik davlat neft-gaz korporatsiyalaridir. Ular neft va tabiiy gazni qidirish, qazib olish va qayta ishlash, shuningdek, neft mahsulotlarini xalqaro quvur tizimlari orqali tashish bilan shug‘ullanadi.

Qirg‘iziston har yili qariyb 2 million tonna yoqilg‘i-moylash materiallarini iste’mol qiladi. Ushbu hajmning qariyb 95 foizi Rossiyadan import qilinadi. So‘nggi oylarda Ukraina dronlarining Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlari tufayli Rossiyadan neft mahsulotlari yetkazib berishda qiyinchiliklar yuzaga keldi. Buning ortidan Qirg‘izistonda benzin va dizel yoqilg‘isi narxlari oshdi. Ayrim yoqilg‘i quyish shoxobchalarida AI-95 markali benzin va dizel yoqilg‘isi tanqisligi kuzatildi.

2026 yil iyul oyida prezident Sadir Japarov Vazirlar Mahkamasiga yoqilg‘i-moylash materiallarining barqaror yetkazib berilishini ta’minlash va tanqislikka yo‘l qo‘ymaslikni topshirdi. Xarid va ichki narxlar o‘rtasidagi farqni qoplash maqsadida hukumat 25 maydan 30 sentyabrgacha amal qiladigan yoqilg‘i importini subsidiyalash mexanizmini joriy etdi.

Iyul oyining o‘rtalariga kelib, neft mahsulotlarining dastlabki partiyalari Xitoy va Belarusdan Qirg‘izistonga kela boshladi. Hokimiyat organlari, shuningdek, Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan yetkazib berish masalalari bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Rossiya bilan Qirg‘izistonga oyiga 100 ming tonna benzin yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishildi. CNPC va Sinopec bilan kelishuvlarning tuzilishi import manbalarini kengaytirish va respublikada bitta yetkazib beruvchiga qaramlikni kamaytirish imkonini berishi kutilmoqda.