Xitoy Qirg‘iziston fuqarolari uchun qisman vizasiz rejim joriy qildi

Fotosurat Sun’iy intellekt yordamida yaratildi

2026 yil 20 avgustdan Qirg‘iziston fuqarolari Xitoy hududida uchinchi mamlakat yoki hududga tranzit qilish vaqtida 240 soatgacha vizasiz bo‘lishlari mumkin. Bundan tashqari, ular uchun Xaynan oroliga 30 kungacha vizasiz kirish tartibi joriy etildi. Tegishli qarorni XXR Davlat migratsiya ishlari boshqarmasi e’lon qildi.

240 soatlik vizasiz tranzitdan oddiy pasport egalari, uchinchi mamlakat yoki hududga borish sanasi va yo‘nalishi tasdiqlangan chiptaga ega bo‘lgan taqdirda foydalanishlari mumkin. Mamlakatga kirish Pekin va Shanxaydagi punktlarni ham o‘z ichiga olgan 65 ta ochiq chegara nazorat-o‘tkazish punkti orqali amalga oshiriladi. Tranzit rejimi tatbiq etiladigan hududlar doirasidagina harakatlanishga ruxsat beriladi

Xaynanga safar qilish uchun Qirg‘iziston fuqarolariga oddiy pasport bilan viza talab etilmaydi. Provinsiyaga ochiq xalqaro o‘tkazish punktlari orqali kirish mumkin. Ushbu rejim doirasida Xaynanning ma’muriy chegaralaridan tashqariga chiqish taqiqlanadi.

Har ikki rejim qisqa muddatli turistik va ishbilarmonlik safarlari, qarindoshlar va tanishlarni ziyorat qilish imkonini beradi. Ishlash, tahsil olish, jurnalistlik faoliyati va oldindan ruxsat olishni talab qiladigan boshqa maqsadlar uchun tegishli Xitoy vizasini oldindan rasmiylashtirish zarur.

Shu bilan birga, xuddi shunday qoidalar Vetnam fuqarolari uchun ham joriy etildi. Dastur kengaytirilgandan so‘ng, Xitoy orqali 240 soatlik vizasiz tranzitdan 57 ta davlat fuqarolari, Xaynanga vizasiz kirish imkoniyatidan esa 61 ta davlat fuqarolari foydalanishi mumkin.

XXR Davlat migratsiya ishlari boshqarmasida ta’kidlanishicha, ushbu qaror Xitoyning qo‘shni davlatlar bilan hamkorligini mustahkamlash, sayyohlik, ishbilarmonlik va investitsiya maqsadidagi safarlarni soddalashtirishga qaratilgan.

ℹ️ Qirg‘iziston va Xitoy o‘rtasidagi viza rejimi 2002 yilda tuzilgan kelishuv bilan tartibga solinadi. Diplomatik va xizmat pasportlari egalari 30 kungacha vizasiz safar qilishlari mumkin, oddiy pasport egalari uchun esa viza talab etilgan.

2016 yil avgust oyida XXRning Bishkekdagi elchixonasi yaqinida sodir etilgan teraktdan so‘ng Xitoy tomoni vizalar berishni vaqtincha to‘xtatdi, keyinchalik esa rasmiylashtirish tartibini sezilarli darajada kuchaytirdi. Yakka tartibdagi turistik vizalarni rasmiylashtirish to‘xtatilib, kamida besh kishidan iborat guruhlar uchun guruh vizasini olish imkoniyati qoldirildi. 2018 yil dekabr oyida yakka tartibdagi turistik vizalarni berish qayta tiklandi.

Oddiy pasport egalari uchun vizasiz rejimni bekor qilish bo‘yicha muzokaralar 2023 yilda faollashdi. O‘sha yili Qirg‘iziston 10 yoki 14 kunlik o‘zaro vizasiz rejim joriy etishni taklif qildi. Shu yil oktyabr oyida Bishkek AQSH, Buyuk Britaniya yoki Shengen hududi davlatlarining uzoq muddatli ko‘p martalik vizalariga ega bo‘lgan Xitoy fuqarolari uchun yetti kunlik vizasiz kirish tartibini joriy etdi.

2024 yil oktyabr oyida Qirg‘iziston Xitoydan keluvchi 5 nafardan 25 nafargacha bo‘lgan tashkillashtirilgan sayyohlik guruhlari uchun 21 kungacha vizasiz rejim joriy qildi. Biroq, tomonlar to‘liq o‘zaro vizasiz rejim o‘rnatmadi.