Qirg‘izistonda hokimiyatni egallashga chorlagani uchun sudlangan oqin Asqat Jetigen ozodlikka chiqdi

Ozodlikka chiqqan Asqat Jetigen. 24.kg sayti fotosurati

Qirg‘izistonda tanilgan oqin Asqat Jetigen 19 avgust kuni umumiy rejimdagi koloniyada uch yillik jazosini o‘tab, ozodlikka chiqdi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.

Advokat va oqinning yaqinlari Jetigenni koloniya darvozasi oldida kutishgan, ammo oqin ularga peshvoz chiqmagan. Huquq himoyachisi Gulshayir Abdirasulovaning so‘zlariga ko‘ra, tong saharda koloniya boshlig‘i Jetigenni o‘z mashinasida olib chiqib, katta Chuy kanali (KCHK) hududida qoldirib ketgan. Uni shu yerda advokat topgan.

«Koloniyada meni matbuot kutayotganini bilishardi. Aftidan, ular qandaydir rezonans va turli fikrlar paydo bo‘lishidan xavotirlangan», — dedi Jetigen uning KCHKga olib borilishi sababini izohlar ekan.

Oqin 2024 yil mart oyida, mamlakat prezidenti Sadir Japarovni haqoratomuz so‘zlar bilan tanqid qilgan video e’lon qilinganidan so‘ng hibsga olingan edi. Jetigenga nisbatan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 278-moddasi («Hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga faol bo‘ysunmaslikka va ommaviy tartibsizliklarga chaqiriqlar, shuningdek fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlikka chaqiriqlar») hamda 327-moddasi («Hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallashga chaqiriqlar») bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Sud oqinni 278-modda bo‘yicha oqlagan, 327-modda bo‘yicha aybdor deb topgan va unga uch yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

Jetigen o‘z aybini tan olmagan. Yakuniy so‘zida u ijtimoiy tarmoqlardagi noo‘rin harakatlari uchun xalqdan kechirim so‘ragan va videolari Jinoyat kodeksi doirasiga kirmasligini, eng ko‘pi bilan ma’muriy jarimaga loyiq ekanini ta’kidlagan. Oqinning aytishicha, uni hibsga olgandan keyin Bishkekdagi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) bo‘limida bir soat davomida tok bilan azoblashgan. Keyinroq izoh xatida Jetigen o‘ziga nisbatan azob-uqubat qo‘llanmaganini va sog‘lig‘i hamda xavfsizligiga hech qanday tahdid yo‘qligini yozgan.

Koloniyada bo‘lgan paytida oqin mahkumlarga nisbatan inson qadrini kamsituvchi munosabat, jismoniy zo‘ravonlik qo‘llanilishi, tikuvchilikda ishlovchi xodimlarga ish haqi to‘lanmasligi, shuningdek, sog‘lig‘i yomonlashgani va tibbiy yordam ko‘rsatish rad etilganidan shikoyat qilgan. Jazoni ijro etish mahkamasi bu ayblovlarni rad etgan.

Ozodlikka chiqqanidan so‘ng Jetigen jurnalistlarga shaxsan o‘ziga nisbatan azoblash qo‘llanilmaganini, ammo bunday holatlar boshqa mahkumlarga nisbatan bo‘lganini aytgan. U qo‘l qovushtirib o‘tirolmaganini va bu haqda maktublarida yozganini qo‘shimcha qilgan, chunki «bu xalqqa yetib borishi kerak edi».