Xalqaro olimlar guruhi Amudaryo holatini deyarli yuz yil davomida o‘rganib chiqib, daryoning o‘rta va quyi oqimlarida suv miqdori o‘rtacha 54–77 foizga kamayganini aniqlashdi. Bu hodisaning asosiy sababi iqlim o‘zgarishi emas, balki inson faoliyati ekani qayd etilgan. Bu haqda «Aziya-Plyus» nashri ScienceDirect platformasida e’lon qilingan tadqiqotga tayanib xabar berdi.
Ekspertlar 1931–2020 yillar davomida Amudaryodagi suv hajmlarini o‘rgangan. Tahlilda 1950 yilgacha bo‘lgan davr hozirgi asr holati bilan solishtirilgan. Tadqiqotda ta’kidlanishicha, suv resurslarining kamayishi birinchi navbatda inson omili bilan bog‘liq. Bu esa sug‘oriladigan yerlar maydonining kengayishi, kanallar, suv omborlari, nasos stansiyalari va daryoning tabiiy oqimini o‘zgartiradigan boshqa infratuzilma obyektlari qurilishi bilan izohlanadi.
Ekspertlar qayd etishicha, Amudaryoning bir qismi suvi tog‘li hududlarda shakllanadi va bu yerda qorning erishi hamda muzliklar muhim rol o‘ynaydi. Ammo daryoning o‘rta va quyi oqimlarida qishloq xo‘jaligi ustun bo‘lib, u suv resurslarining katta qismini iste’mol qiladi.
Tadqiqotga ko‘ra, o‘tgan o‘n yilliklarda daryo havzasida harorat 0,51–0,83 darajaga oshgan, yog‘ingarchilik esa 6–13 foizga ko‘paygan. Odatda bunday sharoitda suv miqdori oshishi kerak edi. Xususan, olimlarning baholashicha, iqlim o‘zgarishi hisobiga Amudaryo oqimi 14–20 foizga ko‘payishi mumkin edi. Biroq bu jarayonga inson omili aralashgan.
Natijada daryoning o‘rta va quyi oqimlarida oqim 114–120 foizga kamaygan, yuqori oqimlarda esa 22 foizga tushgan.
1950 yildan boshlab Amudaryo havzasida qishloq xo‘jaligi faol rivojlandi va suv olishning 92 foizi aynan shu sohaga to‘g‘ri keldi. Qayd etilishicha, daryoga yaqin hududlardagi ekin maydonlari 150 foizga kengaygan bo‘lib, asosan paxta, sholi va bug‘doy yetishtirish uchun ajratilgan.
Suv hajmining kamayishi Markaziy Osiyoning eng yirik daryolaridan biri bo‘lgan Amudaryoning irmoqlarida ham kuzatilmoqda. Mutaxassislar Vaxsh, Qunduz, Qofirnihon, Surxondaryo, Zarafshon va Qashqadaryo holatini o‘rgangan. Bu yerlarda suv kamayishi 4 foizdan 34 foizgacha bo‘lgan.
Doklad mualliflari mintaqa davlatlari hukumatlarini Amudaryo bilan bog‘liq vaziyatga alohida e’tibor qaratishga chaqiradi. Xususan, sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish, suv yo‘qotishlarini kamaytirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, transchegaraviy daryolar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish hamda qor, muzlik, yog‘ingarchilik va daryo oqimini doimiy monitoring qilish zarurligi ta’kidlanadi.
Amudaryo — Markaziy Osiyodagi ikkinchi eng uzun (Sirdaryodan keyin) va suv miqdori jihatidan eng sersuv daryo hisoblanadi. U Tojikiston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Afg‘oniston hududlari orqali oqib o‘tadi. Daryo Orol dengiziga quyiladi, ammo hozirgi kunda u faqat kuchli bahor toshqinlari davridagina ushbu suv havzasiga yetib boradi. Chunki daryo suvining katta qismi qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini sug‘orish va boshqa ehtiyojlar uchun sarflanadi.



