Rus pravoslav cherkovining sobiq ruhoniysi Yakov Voronsov ruhiy kasalliklar shifoxonasidan tergov hibsxonasiga qaytarildi

kaztag.kz sayti fotosurati

Qozog‘istondagi Rus pravoslav cherkovining (RPCH) sobiq ruhoniysi Vladimir Voronsov (Yakov ota) ruhiy kasalliklar shifoxonasidan tergov hibsxonasiga qaytarildi, deb xabar berdi Qozog‘iston xalqaro inson huquqlari va qonun ustuvorligi byurosi.

«Shifokorlar unda hech qanday ruhiy og‘ishlarni aniqlashmadi va sog‘lom insonni allambalo narsadan davolashdan bosh tortishdi», — deya ma’lum qildi huquq himoyasi tashkiloti.

Byuro ma’lum qilishicha, Voronsov 8 iyun kuni ruhiy kasalliklar muassasasida bo‘lganidan so‘ng, Olmaota viloyati bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm guruhi rahbari va byuro yuristi Maksim Kudryavsev NPM muvofiqlashtiruv kengashi qarori bilan ushbu lavozimdan chetlatilgan.

Huquq himoyachilari ta’kidlashicha, bunga Kudryavsevning go‘yoki «NNT manfaatlarini ko‘zlab harakat qilgani» sabab bo‘lgan. Chunki byuro Voronsovga huquqiy yordam ko‘rsatmoqda.

▶️ Yakov Voronsov — Ukrainadagi urushga qarshi chiqqan va RPCHdan mustaqil pravoslav cherkovi tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlagan sobiq pravoslav ruhoniysi 13 fevral kuniga o‘tar kechasi qo‘lga olingan edi. Olmaota ma’muriy sudi uni giyohvand moddalarni tibbiy maqsadlarsiz iste’mol qilishda aybdor deb topib, 10 sutkalik qamoq jazosini tayinladi. Keyinchalik ruhoniyga giyohvand moddalar iste’mol qilinadigan joy saqlash va sotish maqsadisiz giyohvand moddalarni saqlash moddalari bo‘yicha ayblovlar qo‘yildi, 25 fevral kuni esa tergov sudi uni yana qamoqqa oldi. Yakov ota o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etdi va ishni soxtalashtirilgan deb atadi.

13 may kuni tergovchi Voronsovga nisbatan ehtiyot chorasini uni maxsus ruhiy kasalliklar muassasasiga joylashtirish bilan almashtirish haqida iltimosnoma kiritdi. Uning advokati G‘olib Nurpeisovning so‘zlariga ko‘ra, himoya tomoni ruhiy ekspertiza o‘tkazilishidan bosh tortgan, ammo shunga qaramay Voronsov majburiy davolanishga yuborilgan.

2 iyun kuni apellyatsiya sudi uni ruhiy kasalliklar statsionariga joylashtirish haqidagi qarorni o‘z kuchida qoldirdi. O‘shanda Voronsov Oqtosh qishlog‘idagi muassasada bo‘lib, shifokorlar uni kuzatuv ostida ushlab turgani va komissiya xulosasini tayyorlayotgani ma’lum qilingan edi.