Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajodning ofisi uning Isroil maxsus xizmatlarining maxfiy operatsiyasiga aloqadorligi haqidagi The New York Times nashri xabariga rad javobini berdi. Bu haqda The New York Times (NYT) Ahmadinajodning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida e’lon qilingan bayonotga tayanib xabar qildi.
Nashrning 13 iyul kuni e’lon qilingan surishtiruvida amerikalik va eronlik amaldorlarga tayanib aytilishicha, Isroil Mahmud Ahmadinajodni Eronning yangi rahbari sifatida hokimiyatga olib kelish bo‘yicha ko‘p yillik reja ishlab chiqqan. Unda ta’kidlanishicha, operatsiya doirasida Isroil maxsus xizmatlari Vengriyada o‘tkazilgan iqlim o‘zgarishiga bag‘ishlangan konferensiyadan sobiq prezident bilan maxfiy uchrashuvlar uchun niqob sifatida foydalanishni rejalashtirgan.
NYT yozishicha, Isroil maxsus xizmatlari Ahmadinajod bilan ilk bor 2023 yilda uning Gvatemalaga tashrifi chog‘ida aloqa o‘rnatgan. 2024 yilda Eronning sobiq prezidenti Lyudovika nomidagi Davlat xizmati universitetining taklifiga binoan Budapeshtga borgan va u yerda o‘sha paytdagi «Mossad» rahbari David Barnea bilan uchrashgan. Isroil razvedkasi Ahmadinajod bilan bo‘lgan aloqalari haqida AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB)ni xabardor qilib borgan.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yili Ahmadinajod yana Budapeshtga tashrif buyurgan. Ta’kidlanishicha, bu safar davomida uning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) tarkibidagi qo‘riqchilari tayyorlagan hisobotga ko‘ra, sobiq prezident kamida ikki marta qo‘riqchilar hamrohligidan chiqib ketgan va qo‘riqchilarga noma’lum bo‘lgan joylarda uzoq davom etgan uchrashuvlar o‘tkazgan. Ahmadinajod bu holatga izoh berar ekan, universitet professorlari bilan uchrashganini aytgan.
Gazeta talqiniga ko‘ra, operatsiyaning eng yuqori nuqtasi 2026 yil 28 fevral kuni uning qarorgohiga uyushtirilgan havo zarbasidan so‘ng Ahmadinajodni evakuatsiya qilishga bo‘lgan urinish bo‘lgan. Nashrning yozishicha, o‘sha kuni sobiq prezident qora rangli Peugeot avtomobilida katta tezlikda olib ketilgan. Xavfsiz joyga yetib borgach, Ahmadinajod uni yana hokimiyatga qaytarish rejasidan ko‘ngli qolgan va yashirinish joyini tark etgan.
Sobiq prezident 6 iyulga qadar jamoatchilik oldida ko‘rinish bermagan. Shu kuni u Eronning halok bo‘lgan oliy rahbari Ali Xomanaiyning janoza marosimida qisqa muddatga ishtirok etgan. Maqolada qayd etilishicha, Ahmadinajod boshini eggan holda, ehtimol qo‘riqchilari bo‘lgan odamlar qurshovida turgan. Uning hozirgi maqomi esa hamon noaniqligicha qolmoqda.
Eronning to‘rt nafar yuqori lavozimli amaldori NYT nashriga ma’lum qilishicha, Ahmadinajod Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) razvedka bo‘linmasi nazoratida uy qamog‘ida saqlanmoqda.
Ahmadinajod ofisi bayonotida esa bu ma’lumotlar to‘liq rad etilgan.
«The New York Times tarqatayotgan mutlaqo yolg‘on barcha iddaolarni qat’iy ravishda rad etamiz», — deyiladi bayonotda.
Bayonot mualliflari ta’kidlashicha, mazkur nashrning maqsadi sobiq prezidentning omma orasidagi nufuziga putur yetkazish bo‘lib, u harbiy tahdidlar tufayli yuzaga kelgan nozik siyosiy vaziyatdan foydalanmoqda. Gazeta keltirgan iddaolar «Gollivudcha uydirmalar» hamda Eron jamiyatiga qarshi olib borilayotgan psixologik urushning bir ko‘rinishi deb baholangan.
Raddiyada ayniqsa uy qamog‘i haqidagi ma’lumotga alohida e’tibor qaratilgan. Bayonotda Ahmadinajod hibsda ekani inkor etilib, u odatdagidek kundalik faoliyatini davom ettirayotgani ta’kidlangan.
Bunga javoban NYT vakili Nikol Teylor sobiq prezident ofisi jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilish maqsadida «o‘ta yolg‘on ayblovlar»ni ilgari surganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, 13 iyul kuni e’lon qilingan eksklyuziv material ishonchli manbalar bilan ishlagan muxbirlar jamoasi mehnati natijasi bo‘lib, aynan ular AQSH va Isroil hokimiyat almashinuvi doirasida Ahmadinajodni Eron rahbari lavozimiga tayyorlayotgani haqida birinchi bo‘lib xabar bergan. Gazeta vakili nashr o‘z reportajida keltirilgan ma’lumotlarning ishonchliligiga to‘liq ishonishini qo‘shimcha qildi.
Ahmadinajod 2005–2013 yillari Eron prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan va Isroilga qarshi keskin bayonotlari, jumladan, «Isroilni dunyo xaritasidan o‘chirib tashlash» haqidagi tahdidli so‘zlari bilan tanilgan. Biroq, NYT qayd etishicha, so‘nggi yillarda u Islom Respublikasi rahbariyati bilan bir necha bor kelishmovchilikka borib, uni korrupsiyada ayblagan hamda Isroilga nisbatan bildirgan bayonotlarini ancha yumshatgan.



