Tojikiston Tog‘li Badaxshonda bir ayolning halok bo‘lgani munosabati bilan Afg‘onistonga norozilik notasini yubordi

Panj daryosi — Afg‘oniston va Tojikiston o‘rtasidagi tabiiy chegara. Sputnik.tj sayti fotosurati

Tojikiston hukumati Afg‘oniston hukumatiga respublika havo hududining buzilishi, uy-joylarga zarar yetkazilishi va Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati (TBMV) Darvoz tumanida istiqomat qiluvchi ayolning halok bo‘lishi munosabati bilan norozilik notasini yubordi. Bu haqda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligining Axborot va matbuot boshqarmasiga tayanib, «Aziya-Plyus» xabar berdi.

Hodisa 13 avgust kuni taxminan soat 18:40 da sodir bo‘lgan. Hodisa vaqtida Dashtak qishlog‘ida yashovchi 21 yoshli Jasmina Shirinjon o‘z uyida bo‘lgan. Derazadan kirib kelgan o‘q uning jigar sohasiga tekkan. Jasminani markaziy tuman kasalxonasiga olib ketishgan, ammo yo‘lda u vafot etgan. Ayolning voyaga yetmagan farzandi qolgan; manbaga ko‘ra, u homilador ham bo‘lgan.

14 avgust kuni ertalab Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Darvoz tumani raisi bilan telefon orqali suhbat chog‘ida halok bo‘lgan ayolning oilasiga ta’ziya bildirgan va unga moddiy hamda ma’naviy yordam ko‘rsatishni topshirgan.

Tojikiston fuqarosining halok bo‘lishi Afg‘onistonning Badaxshon viloyatidagi qurolli to‘qnashuvlar fonida sodir bo‘ldi. Bu to‘qnashuvlar Tojikistonning chegaraoldi hududlari xavfsizligiga tahdid yuzaga keltirgan. Norozilik notasida Tojikiston Afg‘oniston tomonidan sodir bo‘lgan voqeaga jiddiy munosabatda bo‘lish, xalqaro huquq normalari va davlat chegarasining daxlsizligiga rioya qilish, shuningdek, bunday hodisalar takrorlanishining oldini olish choralarini ko‘rishni talab qilgan.

Avvalroq «Farg‘ona» Afg‘onistonda hokimiyatni boshqarayotgan «Tolibon»* harakati qurolli muxolifat faolligining keskin kuchayishi fonida Badaxshon viloyatida keng ko‘lamli harbiy operatsiya o‘tkazishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. 11 avgustdan boshlab Tojikistonning Darvoz tumani ro‘parasida joylashgan Badaxshon viloyatining Nusay tumanida toliblar va nufuzli qo‘mondon Jumaxon Fath tarafdorlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lmoqda. Afghanistan International ma’lumotiga ko‘ra, 13 avgust kuni «Tolibon» vertolyotlari Jisang hududida Fath kuchlari pozitsiyalariga zarbalar bergan. Shuningdek, Qunduz, Balx va Kobuldan qo‘shimcha kuchlar olib kelingani haqida xabarlar tarqalgan.

*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot